O‘zbekiston va Qozog‘iston AQSHdan Rossiya va Xitoy bosimiga qarshi yordam so‘radimi?

Olam

image

Amerika Qo‘shma Shtatlar Rossiyaga qarshi sanksiyalar oqibatlarini bartaraf etishda Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan ishlamoqda va ularga Moskva va Pekin bilan munosabatlarga muqobil variant taqdim etishga tayyor. Bu haqda kecha, 13 ibyul kuni AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi Elizabet Xorst Kongress Vakillar palatasi Tashqi ishlar qo‘mitasidagi tinglovda ma’lum qildi

“Ular bizdan sanksiyalar masalasida qo‘llab-quvvatlashimizni, [Rossiya va Xitoyning] bosimiga qarshi turish yo‘lini topishda yordam berishimizni, ularga muqobil yo‘l ko‘rsatishimizni so‘rashmoqda. Biz ular bilan sanksiyalar masalasida, ayniqsa, O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan, o‘z iqtisodlari vayron bo‘lmasligi uchun juda faol ishlayapmiz”, deydi diplomat. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, Qo‘shma Shtatlar endi Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarni mustahkamlash imkoniyatiga ega. Xorstning so‘zlariga ko‘ra, Vashingtonning bu davlatlarga yuborayotgan xabarida ham Rossiya, ham Xitoy bilan munosabatlarga muqobil mavjud.

U, shuningdek, Qo‘shma Shtatlar va Qozog‘istonning “energetika sohasida uzoq yillik munosabatlari” borligini, shu munosabat bilan Vashington Ostonaning bu sohada Moskvaga qaramligini kamaytirishga harakat qilayotganini aytdi.

Blinken AQSH va O‘zbekistonni ogohlantirdi 

28 fevral – 1 mart kunlari AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken o‘z faoliyati davomida birinchi marta Qozog‘iston va O‘zbekistonga tashrif buyurdi, Prezident Qosim-Jomart To‘qayev va Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘lib, qator masalalarni muhokama qildi. Prezident Jo Baydenning mesejlarini yetkazdi. 

Ostonada S5+1 formatidagi Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston va AQSH Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu yig‘ilishda Blinkenning aytishicha, Qo‘shma Shtatlar Rossiyaga qarshi sanksiyalarning amalga oshirilishini diqqat bilan kuzatib boradi, biroq ayni paytda Rossiya Federatsiyasi bilan o‘zaro aloqada bo‘lgan, shu jumladan Markaziy Osiyodagi kompaniyalar uchun yengillikni qabul qiladi.

Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar sanksiyalar ostida qolgan Rossiya kompaniyalari bilan o‘zaro aloqada bo‘lgan kompaniyalarga maxsus ruxsatnomalar beradi. Bunday ruxsatnomalar kompaniyalarga o‘z faoliyatini qisqartirish va rossiyalik hamkasblar bilan aloqalarni to‘xtatish uchun zarur.

“Bu kalitni almashtirish kabi oson emas. Biz buni biznesingizga zarar keltirmaydigan tarzda qilish uchun ba’zan vaqt kerakligini tushunamiz”, deydi AQSH Davlat kotibi. 

Shuningdek, uning ma’lum qilishicha, AQSH Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqinida Moskvaga yordam bersa, Xitoyga qarshi sanksiyalar joriy qiladi. 

Blinkenning ogohlantirishicha, agar Xitoy Rossiya Federatsiyasiga qurol-yarog‘ bilan yordam berishga qaror qilsa, Pekinning AQSH va dunyoning boshqa mamlakatlari bilan munosabatlari “jiddiy muammolarga” duch keladi. 

Qozog‘iston Prezidenti To‘qayev Blinken bilan uchrashuvda unga AQSH Qozog‘iston mustaqilligi, hududiy yaxlitligi va suverenitetini doimiy va kuchli qo‘llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildirgan. Pul jigardan bo‘lgan deganlaridek, uchrashuvda pullik masalalar ham chetda qolmagan. To‘qayevga ko‘ra, hozirda Qozog‘istonda eng yirik sarmoyador AQSH va Qozog‘istonda amerikaliklarning 62 millard dollar puli aylanyapti. 


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Qozog'iston O'zbekiston Xitoy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing