O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasida ikkita yashirin yerosti yo‘li aniqlandi (video)
3-sahifa
−
20 mart
19154O‘zbekiston va Qirg‘iziston davlat chegarasida ikkita yashirin yerosti yo‘li aniqlanib, ular orqali tovar-moddiy boyliklarni mamlakatga olib o‘tish bilan shug‘ullangan ikki davlat fuqarolaridan iborat transchegaraviy jinoiy guruh faoliyati fosh bo‘ldi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.
Bildirilishicha, DXXning Andijon viloyat bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida Xonobod shahrining “A.Navoiy” MFY hududini Qirg‘iz Respublikasining Jalolobod viloyati Suzoq tumani Bekobod qishlog‘i bilan bog‘lovchi 2 ta yashirin yerosti yo‘li aniqlangan.
Dastlab Qirg‘iz Respublikasi fuqarosi yerosti yo‘li orqali O‘zbekistonga 16 ta qopda jami 813 dona mobil telefon vositalarini olib o‘tib, mamlakatdan esa 1 kg. 745 gr. oltin yombilari va zargarlik buyumlarini olib chiqib ketmoqchi bo‘lgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Tezkor tadbir davom ettirilib, uning Andijon shahridagi boshqa sheriklari aniqlangan. Jinoiy sheriklarga tegishli 10 ta manzil ko‘zdan kechirilganida, u yerda mazkur yerosti yo‘laklari orqali olib o‘tilgan mobil telefon apparatlari, planshet, noutbuk va ularning aksessuarlari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Ma’lum qilinishicha, har ikki yerosti yo‘li 20 metr chuqurlikda joylashgan, kengligi 70-80 santimetrni, balandligi 170-180 sm, birinchisining uzunligi 350 metrni, ikkinchisiniki esa 135 metrni tashkil qiladi.
Tezkor tadbir davomida, guruh a’zolaridan dastlabki qiymati 11 mlrd so‘mni tashkil qiluvchi jami 3813 dona turli mobil telefon apparatlari, 50 dona planshet, 97 dona noutbuk va 1000 donadan ortiq aksessuarlar, shuningdek 1 kg. 745 gr. oltin yombi va zargarlik buyumlari olingan.
Hozirda aniqlangan holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi