O‘zbekiston ukrainalik bolalarga o‘quv qurollarini sovg‘a qildi
Jamiyat
−
17 iyun
3579O‘zbekiston yangi o‘quv yilidan maktabga chiqadigan ukrainalik bolalarga 2000 ta “birinchi sinf o‘quvchisi to‘plami”ni sovg‘a qildi. Bu haqda Ukrainaning O‘zbekistondagi elchixonasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonda 5 iyundan 17 iyungacha ikki hafta davomida urushdan jabr ko‘rgan ukrainalik oilalarning 97 nafar bolasi uchun ta’til tashkil etilgan.
“O‘zbekiston tomonining tashabbusi bilan amalga oshirilgan ushbu ta’sirli tashabbus xalqlarimiz o‘rtasidagi chuqur do‘stlik va birdamlikning yorqin dalilidir. Biz ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga benuqson muvofiqlashtirish uchun, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasiga har tomonlama yordam uchun hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga qiziqarli va mazmunli dastur uchun minnatdorligimizni bildiramiz.
Shuningdek, saxovatli gumanitar yuk – bo‘lajak maktab o‘quvchilarimiz uchun ajoyib sovg‘a bo‘ladigan 2000 ta “birinchi sinf o‘quvchisi to‘plami” uchun alohida tashakkur. Bunday yordam Ukraina uchun bebaho bo‘lib, qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bolalarga umid va tabassumlar hadya etadi. Biz sizning insonparvarligingiz va ochiqligingizni chuqur qadrlaymiz! Birgalikda biz mustahkam kelajak quramiz!” deyiladi elchixona xabarida.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilda ham Ukrainadan dam olish va reabilitatsiya uchun 45 nafardan iborat bolalar guruhi O‘zbekistonga olib kelingandi. O‘shanda Ukraina elchixonasi tomonidan ilgari surilgan mazkur tashabbus o‘zbekistonlik biznes vakillari va jamoat tashkilotlari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Bolalar 12 kun mobaynida “Anor” bolalar oromgohida dam olgan. Ular Polshaning Katovitse shahri orqali O‘zbekistonga keltirilgan. O‘sha yili ham ukrainalik bolalarga O‘zbekiston jamoat tashkilotlari va ishbilarmonlari nomidan insonparvarlik yordami yuborildi. Insonparvarlik yordami paketidan erkaklar, ayollar va bolalar uchun futbolkalar, shuningdek, 2000 ta birinchi sinf to‘plami – maktab sumkasi, daftar, rasm daftari, rangli qog‘oz, plastilin, ruchka, yelim, qalam, rangli qalam, akvarel va qalam qutisi joy olgan. Gumanitar yukni Ukraina-O‘zbekiston do‘stligi xalqaro jamiyati rahbari Lyubomir Bashinskiy qabul qilib olgan.