O‘zbekiston Turkiyadagi ofat zonasida 100 ta turar joy konteyneri o‘rnatadi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Joriy yilning fevral oyida Turkiyada bo‘lgan vayronkor zilzilalardan so‘ng O‘zbekiston ko‘rsatgan xayriya ko‘magi doirasida Hatay viloyatining Antakya tumanida har biriga bir oila sig‘adigan 100 ta turar-joy konteyner inshooti o‘rnatilmoqda. Bu haqda “Anadolu” agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, modulli uylar o‘rnatilishida Istanbuldagi o‘zbek diasporasi tomonidan 2016 yilda tashkil etilgan Seyhun ta’lim va madaniyat uyushmasi bevosita ko‘mak bermoqda. Zilziladan keyingi dastlabki kunlardanoq uyushma o‘zbek xalqi ko‘magida jabrlangan hududda issiq ovqat tarqatishni tashkil qilgan. Bundan tashqari, uyushma tomonidan Ovakentda ham 100 ta konteyner o‘rnatish rejalashtirilgan.

Umumiy maydoni 21 metr kvadrat bo‘lgan uyning ichkarisida oshxona, hojatxona va hammom mavjud. Konteyner turli mavsumiy omillarga chidamli bo‘lishini hisobga olgan holda issiqlik izolyatsiyasi bilan jihozlangan. Ularni o‘rnatishda 15 kishidan iborat jamoa ishlamoqda. 

Seyhun uyushmasi rahbari Tohir Abdullohning aytishicha, zilzilalardan so‘ng O‘zbekiston xalqi katta yordam ko‘rsatgan. U zilziladan keyingi ikkinchi kundan boshlab uyushma xodimlari Elbiston viloyatiga 17 kun davomida oziq-ovqat yordami ko‘rsatib, har kuni 1000 kishini oziq-ovqat bilan ta’minlagan.

“Keyinroq Turkiya Favqulodda vaziyatlarni boshqarish va oldini olish boshqarmasi ko‘rsatmasi bilan Antakyaga yetib keldik. Ovakent hududida 100 ta konteyner o‘rnatishni rejalashtirganmiz. Ayni paytda 80 dan ortiq konteyner o‘rnatish uchun qurilish materiallari mavjud. Biz ularni o‘rnatamiz. Konteynerlarimizning o‘ziga xos jihati shundaki, ular murvat bilan mahkamlangan, ya’ni istak bo‘lsa yig‘ilib, ko‘chirilishi mumkin bo‘lgan tarzda ishlab chiqilgan”,  degan Tohir Abdulloh.

Abdullohning aytishicha, Ovayeyentda konteyner o‘rnatish ishlari 15 kun ichida yakunlanishi uchun sayqallanmoqda. Shu hududda asosan 1980 yillarda ko‘chib kelgan o‘zbek diasporasi vakillari istiqomat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6 fevral kuni Turkiyaning janubiy-sharqiy viloyatlarida dahshatli zilzilalar yuz bergandi. O‘zbekiston Prezidenti topshirig‘iga ko‘ra, Favqulodda vaziyatlar vazirligining 100 kishidan iborat qidiruv-qutqaruv guruhi tabiiy ofat o‘chog‘i, ya’ni Hatay viloyatiga jo‘natilgandi. Otryad ishtirokidagi qutqaruv operatsiyasi 2 haftadan ko‘proq davom etgan va shu vaqt ichida qutqaruvchi yigitlar vayronalar ostidan 18 nafar tirik odam va 200 ga yaqin jasadlarni olib chiqqandi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya O'zbekiston zilzila Hatay

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing