O‘zbekiston Turkiy Kengashda hal qiluvchi so‘zni aytuvchi mamlakat bo‘ladi
Tahlil
−
13 Oktabr 2019
13241O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 14-15 oktyabr kunlari Baku shahrida bo‘lib o‘tadigan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashining (Turkiy Kengash) yettinchi sammitida ishtirok etadi.
Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, O‘zbekiston, kuzatuvchi mamlakat sifatida ishtirok etayotgan Vengriya hamda Turkmaniston delegatsiyalari rahbarlari Turkiy Kengash doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishga qaratilgan masalalarni muhokama qiladilar.
Sammitda Turkiy Kengashga a’zo davlatlar rahbarlarining O‘zbekiston Respublikasining to‘la huquqli a’zo sifatida Tashkilotga qo‘shilishi to‘g‘risida Qo‘shma bayonoti qabul qilinadi. Uchrashuv yakunida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi yettinchi sammitining deklaratsiyasi qabul qilinishi kutilmoqda. O‘zbekiston rahbari Bakuga tashrifi doirasida sammitda ishtirok etadigan delegatsiyalar rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yilning 14 sentyabr kuni “Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashini tuzish to‘g‘risidagi Naxichevan Bitimini ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi — turk dunyosi mamlakatlari muloqoti va hamkorligini rivojlantirish uchun tashkil etilgan xalqaro platformadir. Mazkur Kengash xalqaro hukumatlararo tashkilot bo‘lib, faoliyatining asosi turkiy tilli mamlakatlar o‘rtasida do‘stlik va qo‘shnichilikni mustahkamlash, hududda va jahonda tinchlikni saqlash, xavfsizlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlashga qaratilgan.
2009 yilning 3 oktyabrida Ozarbayjonning Naxichevan shahrida Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan iborat to‘rt davlat ishtirokida Turkiyzabon davlatlarning hamkorlik Kengashi tuzilgani e’lon qilingan bo‘lib, uning faoliyati prinsiplari 2016 yil 16 sentyabrdagi Istanbul deklaratsiyasida e’lon qilingan. Birinchi bosqichda Turk Kengashiga Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston a’zo bo‘lib kirgan. Vengriya tashkilotda kuzatuvchi mamlakat sanaladi.
2018 yilning 3 sentyabr kuni Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tgan sammitda Shavkat Mirziyoyev birinchi marta O‘zbekiston nomidan faxriy mehmon sifatida ishtirok etdi. Dunyodagi turkiy tilli 6 davlatdan biri bo‘lgan O‘zbekiston rahbariyati 2018 yilgacha Turkiy tilli davlatlar hamkorligi Kengashi sammitlaridan birortasida ishtirok etgan emas.
O‘zbekiston rahbari Cho‘lponota sammitida so‘zlagan nutqida xalqlarni o‘xshash til, mushtarak ma’naviy qadriyatlar va hamkorlik rishtalari bir-biriga bog‘lab kelayotgani, bugungi kunda Kengashning siyosiy kun tartibida hech bir muammo yoki kelishmovchilik mavjud emasligini qayd etdi.
“Mamlakatlarimiz dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalarda o‘zaro mos yoki yaqin qarash va yondashuvlarga amal qilib kelmoqda. Ayni vaqtda xalqlarimizning hayotiy manfaatlariga to‘la javob beradigan iqtisodiyot, investitsiya, innovatsiya, transport va kommunikatsiya, turizm, ilm-fan va ta’lim kabi sohalarda o‘zaro hamkorlik faol rivojlanmoqda”, degan edi Shavkat Mirziyoyev.
Darhaqiqat, O‘zbekiston Prezidentining siyosiy irodasi, ochiq va amaliy tashqi siyosati natijasida Markaziy Osiyoda vaziyat o‘zgardi, mintaqa davlatlari o‘rtasida do‘stona aloqalar mustahkamlandi. O‘zbekiston rahbarining Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya Prezidentlari bilan uchrashuv va muloqotlari samarasida turli sohalardagi hamkorlik yanada rivojlandi. O‘zbekistonning Turkiy kengashga a’zo davlatlar bilan o‘zaro savdo hajmi oxirgi bir yilda 40 foizdan ziyod oshdi.
O‘zbekiston Prezidenti bu ko‘rsatkichlardan ancha yuqori marralarga erishish mumkinligini ta’kidlab, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi doirasidagi aloqalarni rivojlantirishga doir muhim yo‘nalishlarga to‘xtalib o‘tdi. Bular, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, yetakchi sanoat korxonalari, bank-moliya institutlari va tadbirkorlik tuzilmalari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini kuchaytirishdan iborat. Transport yo‘nalishlarining integratsiyalashgan tarmog‘ini yaratish, dunyo va mintaqadagi asosiy bozorlarga chiqish masalasi ham manfaatlarimizga mos keladi.
Mamlakatlarni innovatsion asosda rivojlantirish, bu sohaga mas’ul bo‘lgan idoralar, ilmiy-tadqiqot markazlari va venchur kompaniyalar o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish ham eng zarur yo‘nalishlardan. Turizmni rivojlantirish bo‘yicha ulkan imkoniyatlar, madaniy-gumanitar aloqalar mustahkamligi ham xalqlarni yanada yaqinlashtirishini ta’kidlash o‘rinli. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston rahbarining Cho‘lponotadagi uchrashuvda qadimiy Xivani tashkilot poytaxtiga aylantirish taklifi e’tiborga molik.
Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashiga a’zo mamlakatlar, avvalo, qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikni izchil rivojlantirayotgani ushbu xalqaro tuzilmaning kelajagiga katta umid va ishonch bilan qarayotganidan dalolat beradi.
“Turkiy kengash doirasida o‘zaro samarali hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdormiz. Hozirgi bosqichda uning faoliyatida mamlakatimiz uchun amaliy jihatdan qiziqish uyg‘otadigan yo‘nalishlar bo‘yicha ishtirok etishga tayyormiz”, degan edi Shavkat Mirziyoyev.
Turkiy tilli davlatlarni azaldan o‘xshash madaniyat, ma’naviy qadriyatlar va hamkorlik rishtalari bir-biriga bog‘lab turadi. Bu mamlakatlar dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalarda o‘zaro mos yoki yaqin qarash, yondashuvlarga amal qiladi. Ayni vaqtda xalqlarimizning hayotiy manfaatlariga to‘la javob beradigan iqtisodiyot, investitsiya, innovatsiya, transport va kommunikatsiya, turizm, ilm-fan, ta’lim kabi sohalarda o‘zaro hamkorligi faol rivojlanmoqda.
Qirg‘izistonning 2017 yil kuzida saylangan Prezidenti Sooronbay Jeenbekov O‘zbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashida ishtirok etish niyatini yuqori baholagan edi. Qirg‘iziston Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, bu qadam Turkiy kengashning kengayishi va uning xalqaro maydondagi nufuzining oshishi uchun yaxshi sharoit yaratadi, tashkilotga yangi nafas beradi hamda ko‘plab yangilanishlar manbaiga aylanadi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonning Turkiy tilli davlatlar Kengashiga qo‘shilishi “Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishining tezroq boshlanishiga turtki bo‘ladi. Boshqa a’zo davlatlar ham O‘zbekistonning turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashiga a’zo bo‘lib kirishini qo‘llab-quvvatladi.
Shubhasiz, dunyo siyosatida O‘zbekiston nufuzi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ayniqsa, O‘zbekistonning turkiy dunyodagi ahamiyatini alohida ta’kidlash joiz. O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi asosiy davlatlardan biri bo‘lgani sababli mintaqadagi biror masala uning ishtirokisiz hal etilmaydi. O‘zbekiston Markaziy Osiyo yuragida joylashgan. U Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Afg‘oniston bilan chegaradosh. Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi, amalga oshirgan islohotlari sabab mana uch yildirki, O‘zbekiston barcha qo‘shni mamlakatlar bilan yaqin aloqalarni o‘rnatib, ularni qo‘llab-quvvatlab kelyapti. Zero, O‘zbekiston tarixiy va geografik nuqtai nazardan mintaqa hayoti faoliyatining barcha sohasini bir-biriga bog‘laydigan halqadir. Mazkur fenomendan mintaqa farovonligi yo‘lida foydalanilmoqda. Shu bilan birgalikda mamlakatda mashinasozlik, maishiy texnikalar ishlab chiqarish misli ko‘rilmagan sur’atlarda rivojlanyapti. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlash yuqori darajada. O‘zbekiston iqtisodiyoti xom ashyo resurslarini sotishga bog‘lanib qolmagan. Markaziy Osiyo mintaqasida 80 milliondan ortiq aholi yashashini hisobga olsak, bu qatorga Turkiya va Ozarbayjonni kiritsak, qariyb 160 — 170 million nafarlik potensial yuzaga keladi. Bu o‘zbek mahsulotlarini sotish uchun katta bozor deganidir.
Qolaversa, O‘zbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashiga a’zoligi, albatta, Kengash faoliyatiga turli o‘lchovlarda ijobiy ta’sir ko‘rsatishi va uni faollashtirishi kutilmoqda. Markaziy Osiyodagi barcha davlatlar va Afg‘oniston bilan chegaradosh bo‘lgan O‘zbekistonning ishtiroki hamkorlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, Kengash faoliyati miqyoslarini kengaytirish, birlashmaning mintaqadagi ahamiyatini oshirish imkonini beradi. Bundan tashqari, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi mamlakatlar o‘rtasidagi tranzit-transport kommunikatsiyalari rivojida ham muhim rol o‘ynaydi. Masalan, 2019 yil iyul oyida Qozog‘iston va O‘zbekiston hukumatlari rahbarlari ishtirokida xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan “Beynau — Akjigit — O‘zbekiston chegarasi” avtomobil yo‘li ochildi. Bu o‘zbek mahsulotlarini Ozarbayjon va Turkiya bozorlariga chiqishi uchun yanada qisqa yo‘l berdi. Turkiya va O‘zbekiston iste’mol bozorlari Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi mamlakatlari orasida eng yiriklari hisoblanadi. Shunday ekan, optimal transport yo‘nalishlarini ochish esa birlashmaning barcha a’zosi uchun kun tartibidagi muhim band sanaladi.
Yevrosiyoning qoq markazida joylashgan, taxminan 5 million kvadrat kilometrlik jug‘rofiy maydonni tashkil etuvchi Turkiy Kengashning asosiy maqsadi a’zo davlatlarning ko‘plab sohalarda, shu jumladan, tashqi siyosat, iqtisodiyot, transport, bojxona, turizm, ta’lim, ommaviy axborot vositalari, yoshlar va sport sohalarida hamkorligini rivojlantirish hamda mintaqada tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashdan iborat, deb sharhlash mumkin. Boshqa jihatdan, Kengash tashkil etilganidan beri O‘zbekistonning unga a’zo bo‘lmagani ushbu tashkilot oldidagi og‘riqli masalalardan biri edi. O‘zbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi a’zoligiga kirishi qardosh davlatlar tomonidan Prezident Shavkat Mirziyoyevning uzoqni ko‘ruvchi davlat arbobi sifatida qabul qilgan tarixiy va strategik qarori, deb baholandi. O‘zbekiston ishtirokida Turkiy Kengash yanada kuchayadi. Shu sababli tashkilot mintaqaviy va global tinchlik, barqarorlik va farovonlikka hissa qo‘shish uchun har qachongidan ham ko‘proq imkoniyat va mavqega erishdi. Shubhasiz, O‘zbekiston har doim turkiy dunyoning markaziy qismlaridan biri bo‘lib kelgan. Qolaversa, o‘lkamiz Buyuk Ipak yo‘lidagi Samarqand, Buxoro va Xiva kabi ajoyib shaharlari bilan Turk-Islom tarixining iqtisodiy va madaniy beshigi hisoblanadi. Bundan tashqari, boy milliy va tarixiy merosi bilan dunyo sivilizatsiyasiga salmoqli hissa qo‘shgan O‘zbekiston bugungi kunda nafaqat markaziy jug‘rofiy joylashuvi va ortib borayotgan imkoniyatlari bilan butun mintaqani rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlarni taklif qilmoqda. Bularning bari mamlakatimiz va boshqa turkiyzabon davlatlar o‘rtasidagi asriy mustahkam qardoshlik rishtalari Turkiy Kengash doirasida yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Abduvali Saybnazarov, siyosiy sharhlovchi