O‘zbekiston Hindiston bilan qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarni boshladi

Jamiyat

image

Kecha, 16 aprel kuni Hindistonning Puna shahridagi “Aundh” xalqaro mashg‘ulotlar bazasida “Do‘stlik – 2025” Hindiston-O‘zbekiston qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari boshlandi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, 2019 yildan beri muntazam tarzda tashkil etib kelinayotgan mazkur o‘quv mashqlari ikki mamlakat o‘rtasidagi harbiy hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash maqsadlariga qaratilgan bo‘lib, mashg‘ulotlar har yili O‘zbekiston va Hindistonda navbatma-navbat o‘tkazilmoqda.

Xususan, 2024 yilda O‘zbekiston va Hindiston harbiy mutaxassislari “Do‘stlik – 2024” mashg‘ulotlari doirasida “Termiz” dala-o‘quv poligonida tajriba almashgan.

O‘quv mashg‘ulotlarining tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston va Hindiston harbiy delegatsiyasi vakillari ishtirok etib, hamkorlikdagi o‘quv mashg‘ulotlari ikki davlat o‘rtasidagi harbiy aloqalarni mustahkamlashga hamda harbiy xizmatchilarning bilim, ko‘nikma va tajribalarini oshirishga xizmat qilayotganini e’tirof etgan.

Bildirilishicha, ushbu hamkorlikdagi qo‘shma mashg‘ulotlar 28 aprelga qadar davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning noyabr oyida O‘zbekiston Markaziy harbiy okrugida joylashgan “Forish” tog‘ poligonida O‘zbekiston-Qozog‘iston harbiy xizmatchilari o‘rtasida “Hanjar-2024” nomi ostida hamkorlikdagi maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

harbiy mashg'ulot O'zbekiston Hindiston Do'stlik – 2025

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing