O‘zbekiston tomoni Qozog‘istondagi talato‘plarga munosabat bildirdi

Jamiyat

image

Rasmiy Toshkent Qozog‘istonda sodir bo‘layotgan voqealarni diqqat bilan kuzatmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Qozog‘istondagi voqealar yuzasidan bayonotida ma’lum qilindi. 

“Qardosh Qozog‘istonda kechayotgan so‘nggi voqealar O‘zbekistonda xavotir bilan qabul qilinib, ushbu mamlakatdagi vaziyat rivoji diqqat bilan kuzatib borilmoqda.

Ishonchimiz komil, donishmand Qozog‘iston xalqi mamlakatda beqarorlik avj olishining oldini olishga, zo‘ravonlik va insonlar orasida qurbonlar yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslikning uddasidan chiqadi.

Qozog‘iston xalqi o‘zaro hamjihatlikni saqlash, mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni tiklash hamda yuzaga kelgan muammolarni o‘zi mustaqil hal qilish uchun yetarli qat’iyat va irodaga egaligiga ishonamiz.

O‘zbekiston Qozog‘iston xalqi va rahbariyatining mamlakat barqarorligi hamda ravnaqi, millat farovonligini ta’minlash yo‘lida olib borayotgan sa’y-harakatlarini cheksiz qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqlaydi”, deyiladi byonotda. 

Qozog‘istonda namoyishlar 

Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.    

Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.    

Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.  

5 yanvar kuni, shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi. Shuningdek, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Prezident To‘qayev egalladi.

To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

879

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing