O‘zbekiston tog‘larida yo‘qolgan ikkita shahar topildi
Jamiyat
−
26 Oktabr
74550Arxeologlar O‘zbekistonning janubi-sharqidagi tog‘larda o‘rta asrlarga tegishli ikkita shahar qoldiqlarini topdi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Aniqlangan shaharlardan biri — Tugunbuloq bo‘lib, uning maydoni kamida 120 gektarni tashkil etadi va u dengiz sathidan 2000 metr balandlikda joylashgan. Hozirda ushbu balandlik yashash uchun yaroqsiz hisoblanadi.
Ikkinchi topilgan shahar Toshbuloq bo‘lib, maydoni 12 gektardan 15 gektargacha bo‘lgan. Tugunbuloqqa nisbatan kichikroq bo‘lishiga qaramay, unda ham qal’a bo‘lgan. Olimlar u yerda Tugunbuloqdagi uylar bilan o‘xshash shakl va o‘lchamga ega bo‘lgan kamida 98 ta ko‘zga tashlanadigan turarjoy topgan. Tadqiqotchilarning fikricha, Toshbuloq VI—XI asrlar oralig‘ida, Tugunbuloq esa VIII—XI asrlarda mavjud bo‘lgan.
Nature jurnalida e’lon qilingan maqolaga ko‘ra, tadqiqotchilar guruhiga Sent-Luisdagi Vashington universiteti antropologi Maykl Fraketti va O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi direktori Farhod Maqsudov rahbarlik qilgan.
“Endi ushbu topilma tufayli Markaziy Osiyo tarixi o‘zgaradi”, deydi Farhod Maqsudov.
Tadqiqotchilar jamoasining ta’kidlashicha, Tugunbuloq va kichikroq shahar bo‘lgan Toshbuloq VIII va XI asrlarda gavjum shahar bo‘lgan. Hozirda bu kabi baland hududda dunyo aholisining 3 foizigina yashaydi — Tibet va Peruda.
Guruh dastlab 2011 yilda toqqa sayohat paytida kichikroq shahar bo‘lgan Toshbuloqni topgan. Tadqiqotchilarning aytishicha, tog‘lardan birining cho‘qqisiga ko‘tarilayotib, ular g‘alati tepaliklar bilan qoplangan tekislikni payqab qolgan. Bu tepaliklar oddiy ko‘zga unchalik e’tiborli ko‘rinmagan. Shu joyda ular minglab sopol parchalariga ham duch kelgan.
Ma’lumot uchun, 2015 yilda Toshbuloqda qazishma ishlari olib borilayotganda, Frakettiga bu joydan bir necha kilometr narida oilasi bilan yashaydigan o‘rmon xo‘jaligi inspektori murojaat qilib, uyining orqa hovlisida ham shunday turdagi sopol idishlar borligini aytgan.
Frakettining so‘zlariga ko‘ra, tarixiy qaydlarda mazkur hududda shahar borligi haqida so‘z boradi, ammo guruh dengiz sathidan 2200 metr balandlikda maydoni 12 gektarni tashkil etadigan shaharga duch kelishlarini kutmagan.
“Odatda olimlar aholi turarjoylari mavjudligini isbotlash uchun vodiyning tekis hududlarini o‘rgangan, shu bois ushbu topilma e’tiborga molik”, deydi Oksford universiteti professori Piter Frankopan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Namangan viloyatidagi 100 gektarga yaqin qismi butun saqlangan Axsikent yodgorligida qadimiy ashyolar topilgandi.
Jasmina Rasulova
LiveBarchasi