O‘zbekiston TIV rahbari Lavrov bilan gaplashdi
Jamiyat
−
22 avgust 8309 2 daqiqa
Bugun, 22 avgust kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov rossiyalik mavqedoshi Sergey Lavrov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Saidov o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.
O‘zbekiston TIV rahbariga ko‘ra, suhbat davomida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ikki davlat rahbarlari tomonidan erishilgan barcha kelishuvlarni o‘z vaqtida amalga oshirish masalalari muhokama qilingan.
“Yaqinlashib kelayotgan ikki tomonlama tadbirlar hamda mintaqamizda ishonch va hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan xalqaro va mintaqaviy maydonlardagi qo‘shma sa’y-harakatlarni ham ko‘rib chiqdik”, deya qo‘shimcha qiladi Saidov.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov 22 aprel kuni O‘zbekistonga keldi. Sergey Lavrovni Samarqand xalqaro aeroportida O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov kutib oldi. 23 aprel kuni u Samarqand shahridagi “Motamsaro ona“ haykali poyiga gul qo‘yish chog‘ida u yerda yozilgan gaplar rus tilida ham keltirilmaganini aytib, norozi bo‘ldi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining rahbari Alisher Qodirov mazkur holatga munosabat bildirib, rus siyosatchilari O‘zbekistonda rus madaniyati va rus tiliga bo‘lgan munosabatni yomonlashtirish uchun hamma yo‘llarni sinab ko‘rayotganini aytdi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Odiljon Tojiyev esa Lavrovning taklifini “Moskvadagi Qizil maydonga o‘zbekcha yozilsa, keyin o‘ylab ko‘rish mumkin”ligini bildirdi.
Live
Barchasi