Misrda Prezidentga qarshi namoyishlar boshlandi (video)
Olam
−
21 Sentabr 2019
5165Kecha, 20 sentyabr kuni misrliklar Qohira va boshqa shaharlarda ko‘chaga chiqib norozilik namoyishini boshladi. Ular mamlakat Prezidenti Abdul Fattox as-Sisining iste’foga chiqishini talab qilyapti. Bu haqda “Al-Jazira” telekanali xabar berdi.
Namoyishchilar 2011 yilda yuz bergan inqilob shiorini takrorlayapti: “Xalq tuzum ag‘darilishini istayapti”. Namoyish videolari Facebook va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda tarqalyapti.
Arab nashri ma’lumotiga ko‘ra, politsiya bir necha kishini hibsga olgan, biroq namoyishlarga to‘la ravishda aralashmagan. Prezident as-Sisi BMT Bosh assambleyasida ishtirok etish uchun Qohiradan Nyu-Yorkka uchib ketgandi.
Namoyishlar ikki yetakchi futbol klublari “Zamalek” va “Ahli” o‘rtasidagi o‘yindan keyin tadbirkor va aktyor Muhammad Alining chaqiruvi bilan boshlandi. U Misrni bir necha hafta ilgari tark etgandi. Muhammad Ali bir necha yillar davomida armiya bilan shartnoma asosida ishlovchi pudratchi bo‘lgan va uning ta’kidlashicha, bajargan so‘nggi shartnomasi bo‘yicha pullarini ololmagan. U Ispaniyaga qochib ketib, Prezident va armiyani korrupsiyada aybladi.
Muhammad Alining Hukumatni fosh qilishi Facebook va Twitter`da millionlab ko‘rildi. Shu haftada Muhammad Ali misrliklarni ko‘chaga chiqishga va o‘z noroziligini bildirishga chaqirdi. Misr Prezidenti Muhammad Alining videosini javob siz qoldirmadi. As-Sisi uni yolg‘onchilikda aybladi.
Eslatib o‘tamiz, “Al-Jazira” telekanali 2013 yilda Muhammad Mursi ag‘darilgach, Misrda taqiqlab qo‘yilgan. Misrning yangi Hukumati telekanalni “Musulmon birodarlar” tashkiloti bilan hamkorlik qilishda ayblagan.
LiveBarchasi
Isroil va HAMAS kelishuvga erishdi.
15 yanvar
Eron Prezidenti Markaziy Osiyoga keldi.
15 yanvar