O‘zbekiston TIV Xitoy va Braziliyadagi halokatli suv toshqinlari yuzasidan hamdardlik yo‘lladi
Jamiyat
−
03 may
3556O‘zbekiston TIV Xitoy va Braziliyada o‘nlab odamlarning hayotiga zomin bo‘lgan suv toshqinlari yuzasidan hamdardlik bildirdi. Bu haqda TIV rahbari Baxtiyor Saidovning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lumot berildi.
"Xitoy va Braziliyada o‘nlab odamlarning hayotiga zomin bo‘lgan kuchli yog‘ingarchiliklarning halokatli oqibatlari haqidagi xabarlarni chuqur qayg‘u bilan qabul qildik. O‘zbekiston TIV nomidan qurbon bo‘lganlarning yaqinlariga hamdardlik bildiramiz va barcha jarohatlanganlarning tezroq sog‘ayib ketishini tilaymiz”, deb yozgan vazir.
Ma’lumot uchun, Braziliyada 29 aprel kuni boshlangan kuchli yomg‘irlar oqibatida 29 kishi halok bo‘lib, 60 kishi bedarak yo‘qolgan. Mamlakat janubidagi Riu-Grandi-du-Sul shtatida 150 dan ortiq shahar tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan, 10 ming kishi uy-joysiz qolgan. 500 mingdan ortiq xonadon suv ta’minotidan, 300 mingdan ortiq uy esa elektrdan uzilgan.
Xitoyda esa yirik suv toshqinlari aprel oyining uchinchi o‘n kunligida ro‘y bergan. Mamlakat janubida joylashgan Guandun provinsiyasida kuchli yog‘ingarchiliklar sabab rasmiylar mamlakatning eng zich joylashgan hududidagi 110 ming aholini evakuatsiya qilishga majbur bo‘lgan. Toshqinning jami zarari 140 million yuandan (19 million AQSH dollari) oshib ketgan.
LiveBarchasi