O‘zbekiston terma jamoasining chorak finaldagi raqibi ma’lum bo‘ldi
Sport
−
10 mart 4404 2 daqiqa
Avstraliyada o‘tkazilayotgan futbol bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi Osiyo kubogida O‘zbekiston terma jamoasining chorak finaldagi raqibi aniq bo‘ldi. “B” guruhida uchinchi o‘rin bilan ushbu bosqichga yo‘l olgan Kotrina Kalbayte shogirdlari unda “A” guruhining g‘olibi Janubiy Koreya bilan to‘qnash keladi.
Bo‘lajak bahs 14 mart kuni Sidney shahrida tashkil etiladi. Qayd etish joiz, mazkur bellashuv g‘olibi kelasi yil Braziliyada bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati yo‘llanmasiga ega bo‘ladi. Imkoniyatni boy bergan jamoa esa mundial yo‘llanmasi uchun chorak finalning boshqa bir juftligida mag‘lub bo‘lgan ishtirokchi bilan kurash olib boradi.
Ma’lumot uchun, “B” guruhidan joy olgan O‘zbekiston terma jamoasi avvalgi turlarda Xitoy va Shimoliy Koreyaga yirik hisoblarda mag‘lub bo‘lgan edi. So‘nggi turda Bangladesh ustidan qozonilgan g‘alaba esa jamoaga pley-off bosqichiga chiqish imkonini berdi.
Turnir reglamentiga ko‘ra, guruhlarda uchinchi o‘rinni egallagan jamoalar orasidan eng yaxshi natija qayd etganlar pley-off bosqichiga yo‘l oladi. Ushbu reytingda O‘zbekiston 3 ochko bilan Vetnamdan keyin ikkinchi o‘rinni egallab, chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Janubiy Koreya esa “A” guruhida Eron va Filippin terma jamoalarini mag‘lub etib, Avstraliya bilan durrang qayd etdi hamda guruhda 7 ochko bilan 1-o‘rinni egallab, chorak finalga yo‘llanma oldi.
Live
Barchasi