O‘zbekiston terma jamoasi murabbiyi iste’foga chiqarildi
Sport
−
10:36 7379 1 daqiqa
Kecha, 6 fevral kuni O‘zbekiston futzal federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasining navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Nodir Eliboyev o‘z lavozimidan iste’foga chiqarildi. Bu haqda mamlakat futzal federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
“O‘zbekiston futzal federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasi milliy terma jamoa murabbiylar shtabiga o‘tgan davr mobaynidagi faoliyati uchun minnatdorlik bildirib, kelgusidagi faoliyatida ularga omad tilaydi”, deyiladi rasmiy xabarda.
Nodir Eliboyev bilan birga O‘zbekiston milliy terma jamoasi murabbiylar shtabi to‘liq tarkibi bilan iste’foga chiqarilishi haqida qaror qabul qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston milliy futzal terma jamoasining yangi murabbiylar shtabi yaqin kunlarda keng jamoatchilikka e’lon qilinishi aytildi.
Manbaga ko‘ra, yig‘ilishda O‘zbekiston milliy futzal terma jamoasining Osiyo kubogi–2026 musobaqasidagi ishtiroki tanqidiy ruhda muhokama qilingan.
Shu bilan birga, Indoneziyada bo‘lib o‘tgan musobaqa davomida jamoa a’zolari o‘z imkoniyatlari darajasidan past ishtirok etgani, futzalchilarda kurashga chanqoqlik va g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoq kabi muhim jihatlar yetarlicha namoyon bo‘lmagani tanqid qilindi. Natijada terma jamoa guruh bosqichidan qiyinchilik bilan pley-offga chiqqan bo‘lsa-da, chorak finalda oldiga qo‘yilgan vazifani bajara olmadi.
Live
Barchasi