O‘zbekiston tengdir O‘zbekistonga! Toshqulov internetda vatanga qarshi tanqidlarni qoraladi

Jamiyat

2022 yil oxiri, 2023 yil boshidan O‘zbekiston bo‘ylab ma’muriy islohotlar amalga oshirilishi e’lon qilingan edi. Ayrim vazirliklar birlashtirildi, qo‘mitalar qisqartirildi va agentliklarning ayrimlari tugatildi. Mazkur mavzuni esa QALAMPIR.UZ imkon qadar yoritib borishga harakat qildi. Ammo shu yilning 5 yanvar kuni saytimizda huquqshunos Hamid Sodiq bilan e’lon qilingan “30 ta vazirlikni 15 taga qisqartirish – bu islohot emas” nomli intervyu yuzasidan Adliya vazirligi rasmiy munosabat berib, ekspertni yetarli darajada mutaxassis emasligini iddao qilgan edi.

“Avvalo, shuni ta’kidlash lozimki, bunday masalada u yoki bu fikr, bahoni berishda zarur bilim, malaka va tajribaga ega bo‘lish, chuqur tahlilga asoslanish maqsadga muvofiq. Chunki, ma’muriy islohotdek o‘ta professional masalani yengil-yelpi yondashuvlar, o‘zining hissiyot va qarashlari orqali bayon etish, ayniqsa OAV orqali tarqatish mas’uliyatsizlikdan boshqa narsa emas”, deyilgan munosabatda. 

Kecha, 28 mart kuni Adliya vzirligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani davomida QALAMPIR.UZ mana shu mavzuni ko‘tarib, vazirlik tomonidan bunday munosabat berilishi ko‘p fikrlilikka toqatsizlik yoki senzuraga misol bo‘lishi yo yo‘qligi haqida so‘radi.

“Senzura deb bu sizning ma’lum materialingizning e’lon qilinishiga to‘sqinlikka aytiladi. Bu vaziyatda esa sizning fikringizga qarshi fikr bildirildi. Bu normal holat. Lekin haqiqatdan ham ma’muriy islohotlarga juda katta tayyorgarlik bo‘lgan edi. Biz ikki yil davomida hamma davlat organlarining 5000 ga yaqin funksiyalarini o‘rganib chiqdik. O‘sha idorada qaysi struktura kerak, qaysinisi kerak emas, qaysi struktura ortiqcha, qanday to‘siqlar borligining hammasi o‘rganilib, tahlil qilingandan keyin ma’muriy islohotlar amalga oshirildi. Ma’muriy islohotlar bo‘yicha [gapirishga] mayli, hammaning haqqi bor, bunga hech qanday qarshilik yo‘q”, deydi Adliya vaziri. 

Vazir intervyular yuzasidan bildirilgan munosabatni jurnalistlarga nisbatan senzura sifatida bilmasligini ma’lum qildi.

“Sizlar hamma idorani bemalol tanqid qilyapsizlar, shunday ekan davlat idorasi ham o‘z fikrini aytsa, uni tanqid yoki uni senzura deyishimiz qanchalik to‘g‘ri? Xodimlar mehnat qilgan: har bitta idoraning funksional vazifasini o‘rganib chiqqan. O‘sha vazifalar yuzasidan bir-birini takrorlaydiganlarni birlashtiraylik, deyilgan. To‘lmaganini to‘ldiraylik, deyilgan. Bu, aslida, oxirgi yillardagi eng katta islohot bo‘ldi. Vazirliklarning ko‘payib ketayotganini siz jurnalistlar ko‘p ko‘tardingiz. Biz esa shu bo‘yicha fikrimizni aytdik”, deya takrorladi Toshqulov.

Shuningdek, u jurnalislardan uzr so‘rab, gaplarni og‘ir olmaslikka chaqirib, do‘stona tabassum qildi. 

“Buni juda qattiq tanqidiy deb ko‘rmang, chunki baribir optimallashish kerak. Harakat qilsa 10 nafar odam qiladigan ishni 5 kishi ham qila oladi. Bunda raqamlashtirish, elektron tizimga o‘tish, jarayonlarni sodalashtirish orqali o‘sha keraksiz mehanizmlarni olib tashlash yordam beradi. Shu nuqtayi nazardan biz o‘z fikrimizni bildirdik. Agar og‘ir botgan bo‘lsa, uzr so‘raymiz”, deydi vazir.

U so‘zida davom etib, jurnalistlar faoliyatidagi ayrim jihatlarni tanqid ostiga oldi. Uning aytishicha, ma’lum bir shaxs jinoyat sodir etadigan bo‘lsa, bu sudda o‘z tasdig‘ini topmaguniga qadar uning shaxsi, ism-familiyasi, surati ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilinishi qonunan mumkin emas, hatto, amaldorlarning ham.

“Bilmasdan ba’zan falonchi odam bunday bo‘ldi, pistonchi odam unday bo‘ldi, deb yozaveramiz. Oldinlari jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxsning familiyasi ham yozilmas edi. Ismlari esa o‘zgartirilar edi. Hozir unaqa bo‘lmayapti, rasmlarini qo‘yib yuborishyapti. Uning oilasi, ota-onasi bor, buni hech kim o‘ylagani yo‘q. Shunday odamlarni biz bilamiz, “men jinoiy javobgar bo‘lsam ham mayli, lekin elga sharmanda bo‘lmay, hamma narsani bo‘ynimga olaman, lekin xalqqa sharmanda bo‘lmay”, deydi. Biz uning farzandini, ota-onasini, jamiyatdagi obro‘yini o‘ylamasak, nima bo‘ladi? Bizda sazoyi qilish jazosi yo‘q. U eski zamonlarda qolib ketgan”, deb ta’kidladi Adliya vaziri.

Jurnalist esa unga yana savol bilan yuzlanarkan, “biz odatda davlat byudjetidan pul o‘g‘irlangan, o‘zlashtirilgan holatdagina, mansabdorga jinoiy ish ochilgan bo‘lsa, shunday vaziyatlarda uning ism-familiyasini ochiqlaymiz. Xalq o‘zining pulini o‘marayotganlarini tanishi kerak emasmi?” deb so‘radi. 

“Sudning hukmisiz hech kimni jinoyatni sodir etdi, deb ayta olmaydi. Aybsizlik prezumpsiyasi Konstitutsiyamizda ko‘rsatilgan. U o‘z aybi uchun jazo oladi. Agar jazo olmasa, jazo bermagan tashkilotni muhokama qiling. Ammo u odamga siz jazo bermang. Bunga juda ehtiyot bo‘lish kerak. Viloyatlarga borganda ko‘rganmiz, juda og‘ir oqibatlarga olib kelgan holatlarni. Kimnidir sharmanda qilsa, bunga chiday olmasdan farzandlari bilan har xil holat bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ehtiyot bo‘lish kerak”, deydi Toshqulov.

Bundan tashqari, vazir ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonni tanqid qilayotganlar bo‘yicha ham o‘zining vazir emas, fuqaro o‘laroq munosabatini bildirib o‘tdi.

“Bu mening vazir emas, fuqaro sifatidagi fikrim. Ijtimoiy tarmoqlar nima qilsang, faqat shuni qoralaydigan joyga aylanib qoldi. O‘zbekiston faqat yomon deyaversa... Aslida bu noto‘g‘ri. Qolaversa, fikrimcha, O‘zbekiston bu hammamizning vatanimiz. Mayli, mansabdorni tanqid qilish mumkindir, lekin vatanni tanqid qilishdan sal tiyilish kerak. Bu mening fuqaro sifatidagi taklifim. Boshqa davlatlarni ko‘rsangiz, vatanini hech qachon yomonlamaydi. O‘zbekistonda esa oxirgi paytlarda shuni trend qilib yubordik. O‘zimizni o‘zimiz yomonlayversak, qayoqqa boramiz?” deya o‘z fikrini yakunladi fuqaro Akbar Toshqulov.
 


Maqola muallifi

Teglar

Adliya vazirligi Akbar Toshqulov O'zbekiston tengdir O'zbekistonga! ma'muriy islohot

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing