O‘zbekiston Senatiga telefon va kamera bilan kirish mumkin bo‘ladi

Jamiyat

Ko‘plab demokratik mamlakatlarning parlamentlariga kirish va chiqish erkin bo‘lib, u yerga telefon, foto/videokamera va boshqa uskunalar olib kirishga ruxsat etiladi. O‘zbekistonda esa bunday emas, hozircha.

Hozircha deyishmizning boisi, yaqin vaqtlarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati binosiga telefon va kameralar bilan kirish tartibi qayta ko‘rib chiqib, yengillashtiriladi. Bu haqda Senat raisi Tanzila Norboyeva ma’lum qildi.

“Yevropa parlamentlarida telefon bilan erkin kirish mumkin. Biz ham shu daraja kelamiz. Bizda alohida bino bo‘lishini aytgandim. U yerda biz telefon, kameralar bilan kirish-chiqish masalasini ko‘rib chiqamiz”, dedi Senat raisi.

Tanzila Norboyeva tashkilotlarning ish jarayonida hujjatlarning qog‘oz shaklidan foydalanishni kamaytirish kerakligini ham aytib o‘tdi.

“Hujjatlarning qog‘ozdagi shakli bilan ishlashga nuqta qo‘yish kerak. Albatta, hujjat ishlab chiqilgan idorada qog‘oz varianti bo‘lishi kerak. Lekin komissiya, jamoatchilik kengashi a’zolariga hujjatlarni elektron shaklda yetkazish mumkin. Biz barcha sohalarga axborot va kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilishini ta’minlovchi Qonun chiqaruvchi hokimiyatning eng yuqori tashkiloti sifatida namuna bo‘lishimiz kerak”, dedi Norboyeva.

Ma’lumot uchun, Tashqi ishlar vazirligining sobiq binosi Senatga berilgan. Biroq inshoot ta’mir talab bo‘lgani uchun Yuqori palata hozircha u yerga ko‘chib o‘tmagan.

Avvalroq, Tanzila Norboyeva Senat yalpi majlislarida haqiqatda uxlab o‘tiruvchi senatorlar bo‘lganini tan olgani haqida xabar bergan edik.


Maqola muallifi

Teglar

Tanzila Norboeva Senat

Baholaganlar

29

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing