O‘zbekiston sanksiyalar girdobidagi Rossiyaga samolyot ishlab chiqarishga yordam beradi
Jamiyat
−
23 mart 2022
16113O‘zbekiston Rossiyaga Tu-214 samolyotlarini ishlab chiqarishni qayta tiklashda yordam berishi mumkin. Bugun, 23 mart kuni O‘zbekiston va Tatariston o‘rtasida sarmoyaviy va iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha o‘tkazilgan davra suhbatida hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi. Bu haqda “Sputnik” xabar berdi.
“Bugun Tu-214 ishlab chiqarishni qayta tiklashga qaror qilindi. Loyiha, albatta, oson emas. Bu yerda biz ham o‘zaro hamkorlikka (O‘zbekiston bilan – tahr.) ishonamiz”, dedi Tatariston Prezidenti yordamchisi Ravil Zaripov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, gap samolyotning ayrim qismlarini birgalikda ishlab chiqarish haqida ketmoqda.
Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Xurram Teshaboyevning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent mexanika zavodida ishlab chiqarilayotgan butlovchi qismlar bazasi ro‘yxatini kengaytirish bo‘yicha kelishuvlar allaqachon mavjud.
Rossiyada Tu-214 o‘rta masofali yo‘lovchi laynerining seriyali ishlab chiqarilishini jonlantirish rejalari G‘arb mamlakat aviatsiya sanoatiga qarshi sanksiyalar kiritganidan keyin paydo bo‘ldi.
Avvalroq, Tatariston Prezidenti Rustam Minnixonov O‘zbekistonga amaliy tashrif bilan kelgani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi