O‘zbekiston Rossiyaga qarshi BMT rezolyutsiyasida betaraf qoldi
Olam
−
24 fevral 2023
11432Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi kecha, 23 fevral kuni Ukraina bo‘yicha maxsus sessiyasi chog‘ida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga bir yil to‘lishiga bag‘ishlangan Rossiyaga qarshi rezolyutsiyani qabul qildi. Hujjatga 141 davlat ovoz berdi, 7 davlat qarshi chiqdi (Rossiya, Belarus, Shimoliy Koreya, Mali, Nikaragua, Suriya va Eritreya). 32 delegatsiya, jumladan, O‘zbekiston ham betaraf qoldi.
Shu bilan birga, ovoz berish jarayonida Belarusning o‘zgartirishlar ma’qullanmadi. Minsk hujjatdan mojaroni boshlash uchun javobgarlik Rossiyaga tegishli bo‘lgan qoidalarni olib tashlashni nazarda tutgandi. O‘zgartirishlar, shuningdek, Rossiya Federatsiyasini Ukrainadan qo‘shinlarini zudlik bilan olib chiqib ketishga chaqiruvchi bandni olib tashlash va Ukrainada kelishuvga erishmoqchi bo‘lmagan Minsk formatidagi davlatlar rahbarlarini qoralashni ham taklif qildi.
Bundan tashqari, Belarus tomoni rezolyutsiyaga mojaroga muzokaralar yo‘li bilan yechim topishga chaqiruvni bandni kiritish tarafdori edi. Rezolyutsiyaning asl matnida faqatgina davlatlar va xalqaro tashkilotlarga “Ukrainada BMT Nizomiga muvofiq adolatli, keng qamrovli va barqaror tinchlikka erishish uchun diplomatik sa’y-harakatlarni ikki baravar qo‘llab-quvvatlashga” chaqiriq bor. Minsk, shuningdek, rezolyutsiyaga Kiyevga qurol yetkazib berishni taqiqlashni ham taklif qilgan.
Hujjatga ko‘ra, mojaroning boshlanishi uchun javobgarlik faqat Rossiya zimmasiga tushadi. Matn tomonlarni tinch aholi va mahbuslar oldidagi majburiyatlarini bajarishga chaqiradi. Shuningdek, milliy yoki xalqaro darajada tegishli, adolatli va mustaqil tergov va ta’qib qilish orqali Ukrainada sodir etilgan eng og‘ir jinoyatlar uchun xalqaro huquqqa muvofiq javobgarlikka tortilishi zarurligini ta’kidlaydi.
Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzyaga ko‘ra, rezolyutsiya Rossiya va G‘arb o‘rtasida bir yil avval kuchaygan qarama-qarshiliklarni tinch yo‘l bilan hal qilishga o‘tishga yordam bermaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjat bir tomonlama va reallikdan yiroq.
Ovoz berishda 32 davlat, jumladan, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Pokiston, Xitoy, Hindiston, Eron, Qirg‘iziston, Tojikiston, Armaniston va boshqa qator davlatlar betaraf qolgan. Turkmaniston ovoz berish jarayonida qatnashmagan.
Hujjat ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilingan.
LiveBarchasi