O‘zbekiston Rossiyadan gaz yetkazib berish uchun infratuzilma tayyorlamoqda
Jamiyat
−
03 mart 2023
9592“O‘ztransgaz” kompaniyasi O‘zbekistonga Rossiyadan gaz yetkazib berishni boshlash uchun infratuzilmani tayyorlamoqda. Bu haqda bugun, 3 mart kuni kompaniya matbuot xizmatiga tayanib, TASS xabar berdi.
“Gazli magistral gaz quvurlari boshqarmasi tomonidan ichki kommunikatsiyalar va magistral gaz quvurlarida zarur montaj ishlari olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.
Aniqlik kiritilishicha, Rossiyadan olib kelingan gazni ichki tashish hajmiga aralashtirib yubormaslik uchun infratuzilmani tayyorlash ishlari olib borilmoqda.
“Har bir yo‘nalish bo‘yicha alohida tashish tashkil etiladi”, deya izoh berdi matbuot xizmati.
Gazli magistral gaz quvurlari boshqarmasi respublikadagi eng yiriklaridan biri bo‘lib, Buxoro – Ural va O‘rta Osiyo – Markaz magistral gaz quvurlarining O‘zbekiston hududida joylashgan qismlariga xizmat ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 24 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi raxbari Aleksey Miller o‘rtasida gaz sanoatida hamkorlik qilish bo‘yicha yo‘l xaritasini imzolangandi. Unga ko‘ra Rossiya yoqilg‘isini Qozog‘iston va O‘zbekiston hududidan sobiq SSSR davrida yotqizilgan “Markaziy Osiyo – Markaz” gaz quvuri orqali tranzit qilish rejalashtirilgan. O‘zbekiston va “Gazprom” hamkorlik bo‘yicha muzokaralarni davom ettirmoqda. Yetkazib berish shartlari bo‘yicha kelishuv hali qabul qilinmagan.
LiveBarchasi
O‘zbekiston sun’iy yo‘ldosh yasayapti.
17 yanvar