O‘zbekiston pasporti jahon reytingida 6 pog‘ona ko‘tarildi
Bu qiziq
−
14:12 3127 2 daqiqa
O‘zbekiston pasporti jahon reytingida o‘z mavqeini mustahkamladi. 2026 yilgi yangilangan ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat 74-o‘ringa ko‘tarildi va o‘zbekistonliklar 59 ta davlatga vizasiz tashrif buyurishi mumkin. Bu haqda “Henley Passport Index” ma’lumotlarida keltirilgan.
Unga ko‘ra, 2023 yilda O‘zbekiston 85-o‘rinda bo‘lgan bo‘lsa, 2024 va 2025 yilda 80-o‘ringa ko‘tarilgan edi, endilikda esa 74-pog‘onani egalladi. Shu tariqa, so‘nggi 2,5 yil ichida mamlakat pasporti 11 pog‘onaga yuqoriladi.
Mintaqa mamlakatlari orasida Qozog‘iston pasporti eng kuchlilardan bo‘lib turibdi. Ushbu mamlakat fuqarolari 78 ta davlatga vizasiz tashrif buyurishi mumkin. Qirg‘iziston O‘zbekiston bilan 73-o‘rinni bo‘lishib turibdi. Tojikiston 53 ta davlat bilan 79-o‘rinni, Turkmaniston esa 45 ta davlat bilan 87-o‘rinni egallagan.
Rossiya 113 ta yo‘nalish bilan 44-qatorda, Belarus 58-o‘rinda, Ozarbayjon esa 67 ta davlat bilan 66-o‘rinda qayd etildi.
Reyting yetakchisi Singapur bo‘ldi – uning pasporti 192 ta davlatga vizasiz sayohat qilish imkonini beradi. Shuningdek, kuchli uchlikdan fuqarolari 187 ta davlatga vizasiz bora oladigan Yaponiya va Janubiy Koreya joy oldi. To‘liq ro‘yxat quyidagicha:
- Singapur;
- Yaponiya;
- Janubiy Koreya;
- BAA;
- Shvetsiya;
- Belgiya;
- Daniya;
- Finlyandiya;
- Fransiya;
- Germaniya;
- Irlandiya;
- Italiya.
Harakatlanish erkinligi eng kam bo‘lgan pasport – Afg‘oniston pasportidir. U atigi 24 ta davlatga kirish imkoniyati bilan ro‘yxatning eng oxirgi pog‘onasidan joy oldi. Shuningdek, ro‘yxat yakunida quyidagi davlatlar qayd etilgan:
- Afg‘oniston;
- Suriya;
- Iroq;
- Yaman;
- Pokiston;
- Somali;
- Shimoliy Koreya;
- Nepal;
- Bangladesh;
- Eritreya;
- Shri-Lanka;
- Falastin.
“Henley” pasportlar indeksi – harakatlanish erkinligining global reytingidir. U ma’lum bir davlat pasporti bilan qancha mamlakat va hududlarga vizasiz tashrif buyurish mumkinligini ko‘rsatadi. 2025 yilgi yangilangan versiyada butun dunyo bo‘ylab 199 ta pasport va 227 ta yo‘nalish hisobga olingan.
Reytingni hisoblashda viza qoidalariga asoslangan ballar tizimidan foydalaniladi. Agar fuqaro mamlakatga vizasiz kira olsa, pasportga 1 ball beriladi, agar viza kelgandan keyin (visa on arrival), mehmon ruxsatnomasi yoki elektron kirish ruxsatnomasi (ETA) berilsa, (basharti ular boriladigan mamlakat hukumatidan oldindan tasdiq talab qilmasa) yana 1 ball. Shuningdek, agar safardan oldin viza yoki e-Visa rasmiylashtirish va hukumat tasdig‘ini olish talab etilsa 0 ball beriladi.
Live
Barchasi