Tramp ma’muriyati 300 mingdan ortiq vizani bekor qildi

Olam

−

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati uning ikkinchi prezidentlik muddati davomida 300 mingdan ortiq vizani bekor qildi. Bu haqda Davlat departamenti ma’lumotiga tayanib “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, so‘nggi haftalarda vizalarni bekor qilish sur’ati sezilarli darajada tezlashgan. 2025 yil yanvar oyida Trampning ikkinchi prezidentlik muddati boshlanganidan buyon bekor qilingan vizalar soni 300 mingdan oshgan. Davlat departamentining 10 avgust kuni e’lon qilgan ma’lumotida esa bu ko‘rsatkich 175 mingdan ortiq ekani aytilgandi.

AQSH Davlat departamenti matbuot kotibi Tommi Pigott X ijtimoiy tarmog‘ida ma’muriyat vizalarni AQSH tarixidagi boshqa ma’muriyatlarga qaraganda tezroq bekor qilayotganini bildirgan.

Uning ta’kidlashicha, AQSH hukumati mamlakatga viza bilan kelgan xorijliklarning qonun buzishi, firibgarlik qilishi yoki milliy xavfsizlikka tahdid solishiga nisbatan murosasiz siyosat yuritmoqda.

“Reuters“ga ko‘ra, Tramp ma’muriyati immigratsiyaga qarshi choralar va deportatsiyalarni mamlakat ichki xavfsizligini ta’minlash zarurati bilan izohlamoqda. Biroq inson huquqlari himoyachilari bu siyosat qonuniy himoyalanish huquqi va so‘z erkinligini buzayotganini ta’kidlamoqda. Ularning fikricha, ko‘rilayotgan choralar, ayniqsa, etnik ozchiliklar orasida xavotir uyg‘otmoqda. Ayrim jamoalar vakillari irqiy kamsitish holatlaridan ham shikoyat qilgan.

Huquq himoyachilari vizalarni bekor qilish bilan bog‘liq ayrim holatlarni ham tanqid qilgan. Jumladan, Isroilning G‘azoga hujumlariga qarshi namoyishlarda qatnashgan xorijliklarning vizalari bekor qilinishi noroziliklarga sabab bo‘lgan. Shuningdek, konservativ siyosiy sharhlovchi Charli Kirkning o‘ldirilishi yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda fikr bildirgan ayrim xorijliklar ham vizalaridan ayrilgan.

Bundan tashqari, Tramp ma’muriyati muhojirlar va viza olish uchun ariza topshirgan shaxslarning ijtimoiy tarmoqlardagi faolligini tekshirishni kuchaytirgan. Huquq himoyachilari hukumat milliy xavfsizlikni vaj qilib, o‘z tanqidchilarini nishonga olayotganini aytmoqda. Shuningdek, ayrim firibgarlik holatlari sabab AQSHdagi muhojirlar jamoalariga, jumladan, Minnesota shtatida yashovchi somalilik amerikaliklarga nisbatan ham keng ko‘lamli choralar ko‘rilayotgani tanqid qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, AQSH joriy yil 3 avgustdan boshlab 50 mamlakat fuqarolaridan sayyohlik va biznes vizalariga ariza topshirishda doimiy asosda 20 ming dollargacha garov undirishni boshlagandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing