O‘zbekiston pasporti jahon reytingida 5 pog‘ona ko‘tarildi
Bu qiziq
−
12 yanvar 5449 2 daqiqa
Henley & Partners kompaniyasi pasportlar indeksining 2026 yilgi yangilangan reytingni e’lon qildi. Reyting Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA) ma’lumotlari asosida tuzilgan bo‘lib, yuzdan ortiq davlat pasportlarini qamrab oladi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston indeksda 75-o‘rinni egalladi va bu pozitsiyani Qirg‘iziston bilan bo‘lishdi. O‘zbekiston pasporti egalari 61 ta davlatga vizasiz tashrif buyurishi mumkin. 2025 yilda O‘zbekiston ushbu reytingda 80-o‘rinda bo‘lgan.
Qozog‘iston 61-o‘rinda qayd etildi – ushbu mamlakat fuqarolari 78 ta davlatga vizasiz kira oladi va bu mintaqadagi eng “kuchli” pasport hisoblanadi. Tojikiston 81-o‘rinni (54 yo‘nalish), Turkmaniston esa 87-o‘rinni (47 yo‘nalish) egalladi.
Reyting yetakchilari sifatida Singapur (192 ta davlat), Yaponiya va Janubiy Koreya (har biri 188 ta davlat) o‘rin olgan.
Ma’lumot uchun, Henley & Partners pasportlar indeksi – bu fuqarolarga taqdim etiladigan harakatlanish erkinligi darajasiga ko‘ra davlatlarni tartiblovchi xalqaro reytingdir. Indeks turli mamlakat va hududlarning viza qoidalarini tahlil qiladi hamda pasport egalari vizasiz yoki kelganda viza olish orqali kirishi mumkin bo‘lgan davlatlar soniga qarab reyting tuzadi. Mamlakatning reytingdagi o‘rni uning fuqarolari oldindan viza rasmiylashtirmasdan kirishi mumkin bo‘lgan davlatlar soni bilan belgilanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Iqtisodiyot va tinchlik instituti (Institute for Economics & Peace, IEP) mamlakatlarning xavfsizlik va tinchlik darajasini baholovchi Global Peace Index 2025 reytingini e’lon qilgandi. O‘zbekiston o‘tgan yilgidan 2 pog‘ona ko‘tarilgan va umumiy reytingda 64-o‘rinni egallagan.
Live
Barchasi