O‘zbekiston pandemiya sharoitida eksport va importdan qancha mablag‘ boy bergani aytildi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda 2020 yilning birinchi yarim yilligida yalpi ichki mahsulotning keskin tushib ketishi oldi olingan va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan real o‘sish 0,2 foizni tashkil etgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri Timur Ishmetovning Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga taqdim etgan Davlat budjetining 2020 yilning 1-yarim yilligidagi ijrosi yuzasidan ma’ruzasida so‘z boradi. 

Qayd etilishicha, yanvar – iyun oylarida mamlakatda yalpi ichki mahsulotning o‘sishi o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi sohasi 2,8 foizga, qurilish sohasi 7,3 foizga o‘sgan bo‘lsa, sanoat sohasida ishlab chiqarish 1,9 foizga, xizmatlar hajmi 0,7 foizga pasaygan. 

Ushbu davrda sanoat tarmog‘ida qayta ishlash sanoatida 2,2 foizga ijobiy o‘sish ta’minlangan bo‘lib, bunda asosan to‘qimachilik sanoatida 7,7 foizga, oziq-ovqat ishlab chiqarish sanoatida 4,2 foizga, metallurgiya sanoati 3,8 foiz o‘sish kuzatilgan.

Qazish sanoatida ishlab chiqarish hajmi esa 20,1 foizga, shundan gaz qazib olish (ko‘mir, lignit va neft bilan birga) 23,5 foizga qisqarganini ko‘rish mumkin. 

Xususan, Karantin davrida yetkazib berish zanjiridagi uzilishlar sababli aprel oyida sanoat tarmoqlari ishlab chiqarish xajmi 26,9 foizga, shundan qazib olish sanoati – 33 foizga, qayta ishlash sanoati – 28,9 foizga qisqargan.

Birinchi yarim yillikda xizmatlar sohasida aloqa xizmatlarining 15,1 foizi va moliyaviy xizmatlarda ning 35,9 foiz o‘sishi kuzatilgan bo‘lsa, transportda 9,1 foizga, yashash va ovqatlanish xizmatlarida 17,1 foizga pasayishi kuzatilgan.

Joriy etilgan karantin choralari va chegaralarining yopilishi natijasida joriy yilning aprel oyining o‘zida pullik xizmatlar 37,5 foizga, shundan, umumiy ovqatlanish xizmatlari – 66,6 foizga, transport xizmatlari – 55,8 foizga qisqargan.

Ma’lumki, O‘zbekiston 16 martdan e’lon qilingan karantin cheklovlari sabab aviaparvozlar, metropoliten, shaharlararo va ichki transport xarakatlari to‘xtadi. Ishmetovning ma’ruzasida joriy yilning may oyidan boshlab karantin choralari yumshatilishi hamda o‘z vaqtida inqirozga qarshi iqtisodiy tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida iqtisodiyot tarmoqlarida jonlanish kuzatilgani qayd etiladi.

2020 yilning yanvar-iyun oylarida inflyatsiya darajasi iqtisodiyotda umumiy talabning pasayishi natijasida prognoz (5,6-4,6 foiz)ga nisbatan past bo‘lgan va 4,6 foizni tashkil etgan. 2019 yilning birinchi yarim yilligida ushbu ko‘rsatkich 5,6 foizni tashkil etgan edi.

2020 yilning yanvar - iyun oylarida asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi 84 trln 800 mlrd so‘mni yoki Yalpi ichki mahsulotga nisbatan 33,2 foizni tashkil etgani aytiladi. 

Chegaralarning yopilishi va global mahsulot ayriboshlash zanjirining uzilishi natijasida joriy yilning birinchi yarim yilligida mamlakatning tashqi savdo aylanmasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,2 foizga (3,5 mlrd AQSH dollarga) kamaygan va 15,9 mlrd AQSH dollarini tashkil etgan. Bunda eksport hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 22,6 foizga yoki 6,3 mlrd AQSH dollariga va import hajmi 15 foizga yoki 9,6 mlrd AQSH dollarga kamayganini ko‘rish mumkin. 


Maqola muallifi

Teglar

Timur Ishmetov

Baholaganlar

44

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing