Shaxsiy tashabbusmi yoki vaziyat taqozosi: dollar nega tushyapti?

Tahlil

image

Davomli ravishda ko‘tarilib borayotgan dollar kursi va qadrsizlanayotgan so‘m hayotida kutilmaganda o‘zgarish sodir bo‘lib, so‘mning dollarga nisbatan qiymati keskin ko‘tarildi. Markaziy bank (MB) xorijiy valyutalarning o‘zbek so‘miga nisbatan 11 iyun kuni amalda bo‘ladigan qiymatini belgiladi.

Unga ko‘ra, dollarning rasmiy kursi 37,68 so‘mga tushdi va 12 674,37 so‘mni tashkil qildi. QALAMPIR.UZ bilan suhbatlashgan iqtisodchi bunga MB raisining Prezident oldida o‘zini oqlashga harakat qilayotgani sabab ekanini aytgan bo‘lsa, MB so‘mning mustahkamlanishiga omillar ko‘pligini aytmoqda.

So‘mning AQSH dollariga nisbatan mustahkamlanishi sabablari nimada va bu qancha davom etadi?

Dollarning oshib, so‘mning esa qadrsizlanib ketayotgani haqida ko‘p gapiriladi. Xo‘sh, bu raqamlarda qanday aks etadi? Keling, MB ma’lumotlari asosida so‘nggi besh yillikdagi raqamlarni ko‘rib chiqamiz.

  • 2020 yil – 10 476 so‘m;
  • 2021 yil – 10 848 so‘m;
  • 2022 yil – 11 206 so‘m;
  • 2023 yil – 12 354 so‘m;
  • 2024 yil – 12 920 so‘m.

AQSH valyutasining so‘mga nisbatan yirik qadamlarda sakrashi 2016 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan so‘ng yaqqol ko‘zga tashlanadi. O‘shanda yil 3 200 so‘m bilan yakunlangan bo‘lsa, 2017 yilga kelib bu raqam 8 ming so‘mdan oshgan. Buning valyuta siyosatining liberallashtirilishi bilan bog‘liqligi aytiladi.

Mamlakatda milliy valyuta dollarga nisbatan turli ko‘rinishlarda qadrsizlanib bormoqda: ba’zan ozroq o‘sish, ba’zan esa aksincha. 2025 yilning o‘tgan davrida kuzatilgan juda kichik raqamlardagi bir necha tushishlarni hisobga olmaganda, Amerika valyutasi qadri oshishda davom etmoqda. Masalan, mart va aprel oylarida kurs 12 980 so‘mgacha chiqib, 1 dollar 13 ming so‘mga yaqinlashdi.

So‘nggi kunlarda esa dollarning so‘mga nisbatan qadri 65 so‘mdan ko‘proqqa tushib, 1 dollar 12 712 so‘mga tenglashdi.

  • 3 iyun – 12 834 so‘m;
  • 4 iyun – 12 857 so‘m;
  • 5 iyun – 12 831 so‘m;
  • 9 iyun – 12 777 so‘m;
  • 10 iyun – 12 712 so‘m.

MB ertaga, 11 iyun uchun e’lon qilingan ma’lumotlarida bu summa 12 674 so‘mgacha pasayishini aytmoqda.

Dollar nega tushyapti?

Bir qancha tijorat banklarida dollar kursining 200 so‘mgacha arzonlashgani haqida xabarlar tarqalar ekan, “nega dollar tushyapti?” degan turli savollar paydo bo‘ldi. Iqtisodchi To‘lqin Boboqulovning QALAMPIR.UZ’ga aytishicha, buning sababi MB raisining Prezident oldida o‘zini oqlashga harakat qilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

“Dollar kursi tushishi vaqtinchalik holat. Bu MB raisining Prezident oldida o‘zini ma’lum darajada oqlashga harakat qilishi bilan bog‘liq. Dollar kursi valyuta intervensiyasi hisobiga tushirilmoqda, ya’ni MB rasmiy zaxiralardan dollarni sotmoqda”, deydi u.

Ta’kidlash joizki, ayni vaqtdagi MB boshqaruv raisi Timur Ishmetov 2024 yilning dekabr oyida lavozimidan ozod etilgan Mamarizo Nurmuratovning o‘rniga kelgandi. Ishmetov ungacha Prezident maslahatchisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan. Katta ehtimol bilan iqtisodchi Boboqulov Ishmetov o‘zining lavozimga munosibligini isbotlamoqchi bo‘lyapti, degan iddaoni olg‘a surmoqda.

QALAMPIR.UZ’ning bu haqdagi so‘roviga MB valyuta intervensiyasi qilinmaganini bildirdi. Aytilishicha, bu juda katta tavakkal bo‘lar edi.

Aslini olganda, dollar kursining pasayishiga bir emas, bir necha omillar sabab bo‘lishi mumkin. Masalan, iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning yozishicha, mamlakat savdo hamkorlari valyutalarining nisbatan mustahkamlanishi, dollarning global qadrsizlanishi kabi omillar so‘mning dollarga nisbatan qadri oshishiga sabab bo‘layotgan bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, iqtisodchi dastlabki 4 oylik  yuqori darajadagi oltin eksporti (5,6 mlrd dollar) natijasida yig‘ilib qolgan zaxiralar ham so‘mning mustahkamlanishida rol o‘ynayotgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlaydi.

MB ma’lumotlariga ko‘ra, dollarning qanchalik tushishi va qancha vaqt shunday qolishini oldindan aytib bo‘lmaydi.

Qo‘shnilarda nima gap?

10 iyun holatiga ko‘ra, Qozog‘iston valyutasi 0,15 tengega mustahkamlanib, 1 dollar 508,39 tengeni tashkil etmoqda.

Qirg‘izistonda esa milliy valyuta qadri barqaror holatda bo‘lib, 1 dollar 87,45 somni tashkil etmoqda. Ma’lumotlar qo‘shni davlatda aprel oyidan buyon dollarning rasmiy kursi o‘zgarmaganini ko‘rsatadi.

Tojikistonda 1 dollar oylik 4 foizdan yuqori pasayish bilan 9,91 somonga teng bo‘lmoqda.

Turkmanistonda ham milliy valyuta dollarga nisbatan barqarorlikni ushlab turibdi va 1 dollar 3,36 manatni tashkil etmoqda.

Tahlilchilarga ko‘ra, Rossiyada import qisqargani hisobiga rubl mustahkamlanmoqda, bu esa mintaqadagi boshqa valyutalarning ham dollarga nisbatan mustahkamlanishiga zamin yaratmoqda, ammo ular rublga nisbatan qadrsizlanmoqda.

Mirkomil Xolboyevga ko‘ra, o‘zbek so‘mi tengega nisbatan 0,7 foizga, somga nisbatan 0,6 foizga mustahkamlangan bo‘lsa, somoniga nisbatan 1,3 foizga qadrsizlangan.


Maqola muallifi

Teglar

dollar Markaziy bank Timur Ishmetov Mamarizo Nurmuratov To'lqin Boboqulov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing