O‘zbekiston, Ozarbayjon, Turkiya yirik qo‘shma harbiy mashg‘ulot o‘tkazdi (video)
Jamiyat
−
21:28 652 2 daqiqa
Joriy yil 22 sentyabrdan 1 oktyabrga qadar O‘zbekiston, Ozarbayjon va Turkiyaning 3,5 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi “Birlik kuchi – 2026” ilk qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etdi. Bu haqda Ozarbayjon Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, mashg‘ulotlar Baku, Qorabog‘ mintaqasi, Naxchivon va Kaspiy dengizining Ozarbayjon sektoridagi poligonlarda bo‘lib o‘tgan. Ularga 130 dan ortiq dron tizimlari, 70 dan ortiq bronetexnika, 90 dan ortiq artilleriya tizimlari va 20 dan ortiq aviatsiya texnikasi jalb qilingan.

Manevrlarning salmoqli qismi dronlarni qo‘llashga bag‘ishlangan. Harbiylar dron to‘dalarining hujumlarini qaytarish, havo razvedkasi, hujum qilayotgan kolonnalarga zarba berish, shuningdek, o‘q-dorilar va ta’minot vositalarini yetkazib berishni amaliyotda sinab ko‘rgan. Dron tizimlari artilleriya, bronetexnika, aviatsiya va radioelektron kurash vositalari bilan hamkorlikda qo‘llanilgan.

Ssenariylar doirasida mudofaa chiziqlari va tankka qarshi zovurlarni yorib o‘tish, minalardan tozalash, aholi punktlarini tozalash va blokpostlar o‘rnatish kabi harakatlar ham ishlab chiqilgan. Alohida epizodlar kiberhujumlar va dezinformatsiya kampaniyalariga javob qaytarishga bag‘ishlangan.

Mashg‘ulotlarning dengiz qismi Kaspiy dengizida bo‘lib o‘tgan. Harbiy xizmatchilar egallab olingan kema va shelfdagi ob’ektni ozod qilish, garovga olinganlarni qutqarish va shartli terrorchilik bazasini yo‘q qilish uchun desant tushirish mashqlarini bajargan.

Manevrlarda, shuningdek, Eron, Gruziya, Pokiston, Qirg‘iziston, Serbiya, Slovakiya, Tojikiston, Turkmaniston va BAAdan kuzatuvchilar ham ishtirok etgan.
Turkiya Mudofaa vaziri Yashar Gyuler mamlakatlar yuqori darajadagi jangovar shaylikni saqlab turishi zarurligini ta’kidlagan.

Ozarbayjon Mudofaa vaziri Zokir Hasanov quruqlik, dengiz va havo operatsiyalarini birgalikda ishlab chiqish uchta armiyaning jangovar shayligini oshirishi kerakligini ta’kidlagan. O‘sha paytdagi O‘zbekiston Mudofaa vaziri Shuhrat Xolmuhammedov harbiy xizmatchilarning tayyorgarlik darajasi yuqori ekani va ularning yuklatilgan vazifalarni birgalikda bajarishga qodirligini bildirgan.

Qayd etish joiz, Ozarbayjon va Turkiya o‘zlarining mudofaa sohasidagi munosabatlarini 2021 yilgi Shusha deklaratsiyasi doirasida ittifoqchilik munosabatlari sifatida ko‘radi. Baku va Toshkent ham so‘nggi yillarda mudofaa texnologiyalari, harbiy ta’lim va harbiy xizmatchilarni tayyorlash sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning yanvar oyida Anqarada Turkiya va O‘zbekiston Mudofaa vazirlari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgan edi va va ikki mamlakat rasmiylari harbiy hamkorlik rejasini imzolagandi.
Live
Barchasi