O‘zbekiston OAV erkinligi reytingida yuqoriladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston “Chegara bilmas muxbirlar” (Reporters Without Borders) tashkilotining mamlakatlardagi matbuot erkinligi reytingida 4 pog‘ona yuqorilab, 156-o‘rinni egalladi. 2020 yildagi reytingga dunyoning 180 mamlakati kiritilgan.

Tashkilot O‘zbekistonda uzoq yillardan beri qamoqda bo‘lgan jurnalistlarning ozodlikka chiqarilganini e’tirof etgan. Bundan tashqari, O‘zbekistonda bloklab qo‘yilgan qator saytlar faoliyatiga ruxsat berilgani ham qayd etilgan. OAVni ro‘yxatga olish osonlashganiga e’tibor berilgan.

Mamlakatda siyosiy tadbirlar onlayn namoyish etilayotgani va ba’zi jurnalistlar korrupsiya, majburiy mehnat kabi nozik mavzularni yoritayotgani ta’kidlangan.

Tashkilot mamlakatda OAV erkinligiga to‘siq bo‘layotgan jihatlarga ham to‘xtalib o‘tgan. Xususan, hamon eng yuqori darajadagi hukumat vakillarini tanqid qilish shakllanmagan. 

“Hokimiyatdagilar OAVga to‘siq bo‘luvchi ayrim qonunlarni isloh qilishga shoshilmayapti. Kuzatuvlar, tashqi va ichki senzura haligacha mavjud va OAV ustidan sezilarli nazorat saqlanib qolmoqda hamda hokimiyat buni qo‘llab-quvvatlayapti. Blogerlarga tahdid qilinmoqda va ular hibsga olinyapti”, deyilgan tashkilot hisobotida.

Shuningdek, O‘zbekiston xorijliklar va mamlakatga kiritilmay kelgan chet ellik jurnalistlarga o‘z eshiklarini qayta ochgani, ammo ba’zi xorijiy jurnalistlar va ommaviy axborot vositalarining akkreditatsiya olishi oson bo‘lmagani aytib o‘tilgan.

“Siyosiy plyuralizm va adolatni ta’minlamay turib, matbuot erkinligini to‘liq tiklash qiyin bo‘ladi. O‘zbekiston hali uzoq yo‘lni bosib o‘tishi lozim”, deyiladi xalqaro tashkilot munosabatida.

Matbuot erkinligi reytingida dastlabki o‘rinlarni Norvegiya (1-o‘rin), Finlyandiya (2-o‘rin), Daniya (3-o‘rin), Shvetsiya (4-o‘rin), Niderlandiya (5-o‘rin), Yamayka (6-o‘rin), Kosta-Rika (7-o‘rin), Shveysariya (8-o‘rin), Yangi Zelandiya (9-o‘rin), Portugaliya (10-o‘rin) band qilgan.

Shimoliy Koreya (180-o‘rin), Turkmaniston (179-o‘rin), Eritreya (178-o‘rin), Xitoy (177-o‘rin), Jibuti (176-o‘rin), Vetnam (175-o‘rin), Suriya (174-o‘rin), Eron (173-o‘rin), Laos (172-o‘rin), Kuba (171-o‘rin), Saudiya Arabistoni (170-o‘rin) matbuot eng "bo‘g‘ib" qo‘yilgan mamlakatlar sifatida qayd etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

OAV Chegara bilmas muxbirlar

Baholaganlar

51

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing