O‘zbekiston muftiysi musulmon olami uchun muhim takliflarni o‘rtaga tashladi

Jamiyat

image

Bugun mo‘min-musulmonlar ittifoqligi har qachongidan ham juda muhim bo‘lmoqda. Qur’oni karimning bir necha oyatlarida Islom ummatini birlashishga chaqiradi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi – muftiy Nuriddin Xoliqnazarov kecha, 15 aprel kuni Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar diniy idoralari rahbarlarining I yig‘ilishida so‘zlagan nutqida gapirdi. 

Muftiy bir qator takliflarni ilgari surdi: 

Turkiy davlatlar diniy idoralariaro Fatvo hay’atini tashkil etish

“Birinchi, xalqlarimizning urf-odati, hayot tarzi azaldan mushtarak bo‘lgan. Shu bois, bugungi globallashuv va tahdidlar zo‘raygan davrda mo‘min-musulmonlar e’tiqodiy birligini ta’minlash hamda ittifoqligini mustahkamlash maqsadida, Turkiy davlatlar diniy idoralariaro Fatvo hay’atini tashkil etishni taklif etamiz.

Oxirgi 5 yilda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston ulamolari bilan Ramazon oyi, Iydul Fitr va Iydul Azhoning birinchi kuni, namoz vaqtlarini aniqlash hamda zamonaviy shar’iy masalalarda fatvo ishlab chiqishdagi hamkorligimiz o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.

Mazkur Fatvo hay’atini tashkil etish orqali ushbu ishlarning faoliyat ko‘lami va jo‘g‘rofiyasi yanada kengayib, turkiy xalqlar hamjihatligini oshirishga erishiladi, insha Alloh”, deydi O‘zbekiston musulmonlari rahbari.

Turkiy davlatlar ulamolarining Forumini o‘tkazish

“Ikkinchi, hozirgi murakkab zamonda Imom Moturidiy aqidaviy ta’limotlarining naqadar puxtaligi va Hanafiy mazhabining shar’iy masalalari nihoyatda xalqchil ekanini anglab yetilmoqda. Allohga shukrki, qadimdan turkiy xalqlarimiz aqidada Imom Moturidiy yo‘nalishiga, fiqhda Abu Hanifa mazhabiga ergashadilar.

Aqidamiz va mazhabimizga turli tomondan tahdidlar bo‘layotgan bir pallada Imom Moturidiy va Hanafiy mazhabi ta’limotlarini xalqlarimiz ongu-shuuriga chuqur singdirish maqsadida, har yili bir marta Imom Moturidiy ta’limotlarini tadqiq etish va keng yoyishga bag‘ishlangan Turkiy davlatlar ulamolarining Forumini o‘tkazish, shuningdek, yilda bir marta Hanafiy mazhabi mo‘’tadilligini keng tarannum etadigan Turkiy davlatlar ulamolari Simpoziumini o‘tkazishni taklif etamiz.

Fursatdan foydalanib, Imom Moturidiy ta’limotlarini tadqiq etishga bag‘ishlangan birinchi Turkiy davlatlar ulamolari Forumini ushbu alloma tug‘ilib, ijod etgan Samarqand zaminida tashkil etish taklifini taqdim etamiz”, deydi muftiy.

Nodir asarlarni tarjima qilish

Uchinchi taklifida Nuriddin Xoliqnazarov O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy, Imom Termiziy hamda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy markazlar tashkil etilib, islom ulamolari asarlarini tadqiq etish ishlari yo‘lga qo‘yilganini urg‘ulagan. Bunday ishlar qardosh davlatlarda ham olib borilayotganidan xabari borligini aytgan holda, tadqiq etilgan nodir va noyob asarlarni qardosh tillarga ham tarjima qilish va mo‘min-musulmonlarga yetkazish kabi ilmiy loyihalarni amalga oshirishni taklif etgan.

Diniy kadrlarni kasb-mahoratlarini oshirish

“To‘rtinchi, so‘zga chiqqan notiqlar qayd etganlaridan ma’lum bo‘lmoqdaki, bugungi globallashuv davrida diniy soha xodimlarining mas’uliyati yanada oshib bormoqda. Shu bois, diniy kadrlarni kasb-mahoratlarini oshirish borasida ham soha xodimlarining tajriba almashishlarini joriy etish yaxshi natijalarni beradi”, deydi O‘zbekiston muftiysi.

Yig‘ilishda Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi raisi Ali Erbosh amaliy va dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan takliflar uchun minnatdorlik bildirib, ularni tadbiq etish borasida barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirishga tayyor ekanini ma’lum qilgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Nuriddin Xoliqnazarov

Baholaganlar

495

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing