Muftiy Nuriddin Xoliqnazarov Islom olami uyushmasi Oliy kengashi a’zosi bo‘ldi
Jamiyat
−
23 aprel
4302Bugun, 23 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov Islom olami uyushmasi Oliy kengashi a’zoligiga qabul qilindi. Bu haqda Musulmonlar idorasi axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Saudiya Arabistonida eng nufuzli tashkilot hisoblangan Islom olami uyushmasi Oliy kengashining 46-yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Yig‘ilishda Nuriddin Xoliqnazarovning Kengash a’zoligiga qabul qilingani to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
"Ushbu a’zolik muftiyning faoliyati davomidagi to‘rtinchi yirik tashkilotga a’zo bo‘lishidir. Bular – Xalqaro musulmon ulamolari kengashi (Qatar), Musulmon donishmandlar kengashi (BAA), Islomiy fiqh akademiyasi (Saudiya Arabistoni) va Islom olami uyushmasi Oliy kengashi (Saudiya Arabistoni) kabilardir", deyiladi xabarda.
Ushbu xalqaro anjumanda Saudiya Arabistoni, Misr Arab Respublikasi, Birlashgan Arab Amirligi, Quvayt, Qatar, Turkiya, Malayziya, Indoneziya kabi davlatlardan kelgan vazirlar, taniqli ulamolar, mashhur muftiylar, professor-olimlar, davlat va din arboblari hamda xalqaro islomiy tashkilotlar yetakchilari ishtirok etgan.
Anjumanda butun jahonda tinchlik-osoyishtalikni qaror toptirish, xususan, Falastin va G‘azo mintaqasidagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish, Islom ummati birligiga erishish, ayrim musulmon mamlakatlaridagi noxush holatlarni isloh qilish, Rohinja musulmonlarining haq-huquqlarini himoya qilish, diniy ramzlarning tahqirlanishi, ayniqsa, Qur’oni karimni yoqish kabi holatlarga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik va islomofobiya xatti-harakatlarining oldini olish kabi o‘ta muhim masalalar muhokama qilingan.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr