O‘zbekiston Mudofaa vaziri Moskvada MDH yig‘ilishida qatnashdi
Jamiyat
−
12 noyabr
4941Bugun, 12 noyabr kuni Moskvada Rossiya Mudofaa vaziri Andrey Belousov raisligida Mustaqil davlatlar hamdo‘stligiga a’zo davlatlar Mudofaa vazirlari kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Uning ishida MDHning yetti davlatidan harbiy delegatsiyalar ishtirok etdi. Armaniston va Moldova, shuningdek, MDH a’zolari ro‘yxatiga kiritilgan, lekin Hamdo‘stlik nizomini imzolamagan Ukraina va Turkmaniston o‘z vakillarini yubormadi.
MDH Mudofaa vazirlari kengashi majlisida Ozarbayjondan Mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari – armiya Bosh shtabi boshlig‘i Kerim Veliyev, Belarus Mudofaa vaziri Viktor Xrenin, Qozog‘iston Mudofaa vaziri Ruslan Jaqsiliqov, .Qirg‘iziston Mudofaa vaziri Baktibek Bekbolotov, Tojikiston Mudofaa vaziri Sherali Mirzo, O‘zbekiston Mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov, shuningdek, Hamdo‘stlik Bosh kotibi Sergey Lebedev ishtirok etdi.
Andrey Belousov mavqedoshlariga murojaat qilar ekan, MDH davlatlarining harbiy sohadagi qo‘shma faoliyatining eng muhim yo‘nalishi mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash ekanini ta’kidladi.
Rossiya vaziri MDHda havo hujumidan mudofaa, aloqa, radiatsiyaviy, kimyoviy va biologik vaziyatni nazorat qilish va baholashning yagona harbiy tizimlari yaratilganini va muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotganini eslatdi.
U G‘arbni gegemon rolini saqlab qolish uchun mintaqaviy barqarorlikka putur yetkazishga urinishda aybladi. Shu bois, uning ta’kidlashicha, Rossiya va BRICS mamlakatlari mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etish va adolatli ko‘p qutbli dunyo tartibini shakllantirish tarafdori.
O‘z navbatida, Lebedev dunyoda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar ta’sirida tashqi tahdidlarning o‘zgarishi kuzatilayotganini, ular tobora keng ko‘lamli va xilma-xil bo‘lib borayotganini ta’kidladi.
“NATOning zarba berish salohiyatini oshirish va unga global funksiyalar berish, blok mas’uliyati doirasidan tashqarida harbiy faoliyatni faollashtirish, harbiy infratuzilmasini MDH chegaralariga yaqinlashtirish ularning milliy xavfsizligiga bevosita tahdid soladi.
Xalqaro huquq normalarini buzgan holda harbiy kuch ishlatish, koinot va axborot makonini harbiy harakatlar sohasi sifatida o‘zlashtirish, davlatlararo qarama-qarshilikning harbiy va noharbiy vositalari o‘rtasidagi chegaralarni yo‘qotish jahondagi vaziyatni beqarorlashtiradi, yirik davlatlar o‘rtasidagi, shu jumladan yadroviy kuchlar ishtirokidagi to‘qnashuvlar ularning avj olishi va mintaqaviy yoki global urushga aylanishi ehtimolini oshiradi”, dedi MDH Bosh kotibi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, hozirgi sharoitda Hamdo‘stlik davlatlari yangi chaqiriq va tahdidlarga javob berishga, mamlakatlar harbiy xavfsizligini ta’minlash manfaatlaridan kelib chiqib siyosatni o‘zgartirishga majbur.
LiveBarchasi