Suriyaliklar voz kechgan Asaddan endi xotini ham yuz o‘girmoqchi

Olam

image
Asad oilasi qay tarzda boylik to‘plagan va ular qayerda? north_east

Asad oilasi qay tarzda boylik to‘plagan va ular qayerda?

Damashqdan qochib, Rossiyadan qo‘nim topgan Bashar Asad rafiqasi Asmadan ayrilishi mumkin. Chunki Asma Asadga Moskvadagi sharoitlar yoqmayapti va u Londonga ketish uchun eri bilan ajrashmoqchi. Bu haqda Asadlar oilasiga yaqin manbalarga tayanib, CNN Turk xabar berdi.

Asma Asad Rossiya sudlariga murojaat qilib, Moskvadan chiqib ketish uchun maxsus ruxsat so‘ragan. Biroq ariza hali ko‘rib chiqilayotgani aytilmoqda. Ammo jurnalistlarning qayd etishicha, Bashar Asadning boshpana so‘rovi Rossiyada qabul qilingan bo‘lsa-da, unga nisbatan jiddiy cheklovlar qo‘yilgan. Asadga Moskvani tark etishi va har qanday siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanishi qat’iyan man etilgan. Bundan tashqari, Rossiya rasmiylari Bashar Asadning bank aktivlari va moliyaviy manbalariga kirish huquqini muzlatib qo‘ygan. Bashar Asadning ukasi Maher Asadning boshpana so‘rovi hamon ko‘rib chiqilmayapti.

Biroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin matbuot anjumanida Suriyaning hokimiyatdan ag‘darilgan diktatori Bashar Asad kelganidan beri u bilan hali uchrashmaganini, lekin buni rejalashtirayotganini aytdi.

Avvalroq, 27 noyabr kuni muxolifat Halabga kutilmagan hujum uyushtirganida, Bashar Asad to‘ng‘ich o‘g‘li Hofizning matematika fanlari doktori darajasini olish marosimida ishtirok etish uchun Moskvada bo‘lgani aytilgandi. 

Londonda joylashgan “Al-Majalla” nashrining yozishicha, Suriyadagi mojaro avj olgan bir paytda Asad o‘g‘lining doktorlik darajasini olish marosimini o‘tkazib yuborgan va so‘nggi voqealarni kuzatish uchun Moskvadagi Four Seasons mehmonxonasidagi xonasida qolgan. 29 noyabrda Halab muxolifat kuchlari tomonidan egallanganda esa Bashar Asad samalyotda Damashqqa qaytayotgan bo‘lgan.

8 dekabr kuni Damashq qulashidan bir kun oldin Asadning matbuot xizmati prezident saroyida uning nutqini tayyorlayotgan bo‘lgan. O‘sha kuni Asad rasmiylarga, jumladan, yuqori martabali diplomatlariga vaziyat nazorat ostida ekanini va “Rossiya yordami yo‘lda” ekanini aytdi. Biroq 7 dekabr kuni kechqurun Rossiya rasmiylari Asadga qo‘ng‘iroq qilib, Damashqni tark etishni so‘ragan. Telefon qo‘ng‘irog‘i “yanada qon to‘kilishini oldini olish va Rossiyaning Suriyadagi qolgan manfaatlarini himoya qilish uchun” qilingan.

Xabarda aytilishicha, "8 dekabr kuni ertalab Asad bor-yo‘g‘i ikki kishi: prezident ishlari vaziri Mansur A’zam va xavfsizlik bo‘limi boshlig‘i, brigada generali Muhsin Muhammad bilan qochishga muvaffaq bo‘lgan. Ularning uchalasi ham Suriya g‘arbidagi Rossiyaning Xmeymim bazasiga va u yerdan Moskvaga uchib ketgan. 

Jurnalistlarning qayd etishicha, bu paytda Asadning rafiqasi va bolalari allaqachon Rossiyada bo‘lgan.

“Financial Times” gazetasining vaziyatdan xabardor manbalarga tayangan holda xabar berishicha, Bashar Asadning rafiqasi Suriyada rejim qulashidan bir necha hafta oldin Moskvada saraton kasalligining qaytalanishidan davolanishni boshlagan.  

Asad Rossiya poytaxtiga kelganidan keyin rafiqasi bilan uchrashgan. Uning onasi va otasi Favoz al-Axros ham Moskvada bo‘lgan. FT ma’lumotlariga ko‘ra, Asadlar bilan birga ularning Abu Dabidagi Sorbonna universitetida tahsil olgan qizi Zeyn Moskvada bo‘lib turibdi. 

Asma Asad 49 yoshda. U Londonda tug‘ilgan, ikki fuqarolikka (Britaniya va Suriya) ega. Sobiq birinchi xonimning oilasi Suriyaning Xoms shahridan. Uning otasi kardiolog, onasi esa diplomat. Asma London Kings kollejini tamomlagan. 2000 yilda u Suriyaga jo‘nab ketgan va u yerda Bashar Asad bilan turmush qurgan.

Asma Asad Suriyada urush boshlanishidan oldin juda mashhur edi. Uni "cho‘l atirgul" deb e’tirof etishgan va hatto malika Dianaga qiyoslangan. U zamonaviy va ilg‘or ayol sifatida qabul qilingan, ammo Suriyada fuqarolar urushi boshlanganidan keyin uning imiji keskin o‘zgargan. Bashar Asad tinch aholiga qarshi kimyoviy qurol qo‘llagach, Asma hashamatli hayot kechirib, odamlarning fojiasini yashirishni davom ettirgan.   

2024 yilning may oyida Asma Asadga o‘tkir miyeloid leykemiya tashxisi qo‘yilgan. Bungacha, 2018 yil avgust oyida Suriyaning sobiq birinchi xonimida ko‘krak bezi saratoni erta bosqichda aniqlangan va u Damashqdagi harbiy gospitalda davolangan edi. 2019 yil yanvar oyida sobiq birinchi xonimdagi o‘simta olib tashlangan. O‘sha yilning avgust oyida Asma Asad tuzalib ketganini e’lon qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Suriya Moskva Bashar Asad Asma Asad

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing