O‘zbekiston MTJ bosh murabbiyi va futbolchisi koronavirusga chalindi

Sport

image

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanets va futbolchi Hojimat Erkinovda koronavirus aniqlandi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.

“Bugungi kunda yana tez suratlarda tarqalayotgan koronavirus infeksiyasi futbol olamiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. Shu jumladan, O‘zbekiston milliy terma jamoasini ham Covid-19 bilan bog‘liq vaziyat chetlab o‘tmadi. Xususan, milliy terma jamoamiz bosh murabbiyi Srechko Katanets Dubaydagi yig‘inga Sloveniyadan yetib kelishi rejalashtirilgan edi. Biroq, bevosita ketish oldidan topshirilgan test musbat natijani keltirib chiqargan. Shu tariqa, sloveniyalik mutaxassis o‘z yurtida karantin o‘tashga majbur bo‘ldi. Umid qilamizki, karantin davri tugagach, murabbiyimiz o‘z sog‘lig‘ini tiklagan holda terma jamoa boshqaruviga qaytadi. Unga qadar Katanetsning yordamchi murabbiylari yig‘inning boshlang‘ich qismida terma jamoani boshqarib turadi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, “Paxtakor” klubi futbolchisi Hojimat Erkinov terma jamoa bilan BAA mamlakatiga yetib borganidan so‘ng test topshirgan va unda ham COVID aniqlangan:  

“Jamoamiz Dubay shahriga yetib borgach, delegatsiyaning barcha a’zolari PZR test topshirgan. Testlar natijasiga ko‘ra, Hojimat Erkinovda musbat javob qayd etilgan. Shu sababli u belgilangan tartibda, jamoadan ajratilgan holga karantin o‘tashni boshladi. Karantin muddati yakuniga yetgach, futbolchimiz qayta test topshiradi va natijadan kelib chiqib, keyingi mashg‘ulotlari reja qilinadi”.

Eslatib o‘tamiz, Srechko Katanets shogirdlari joriy yilning 21 yanvar kuni Yaponiyaga qarshi o‘yin o‘tkazishi kerak edi. Biroq qunchiqar mamlakat futbol assotsiatsiyasi koronavirusning “omicron” shtammi tufayli O‘zbekistonga qarshi rejalashtirilgan o‘rtoqlik uchrashuvini bekor qilgan.
 


Maqola muallifi

Teglar

O'FA BAA O'zbekiston MTJ Katanets Erkinov

Baholaganlar

111

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing