O‘zbekiston MSK raisi ilk bor AQSHda prezidentlik praymerizlarini kuzatmoqda (foto)

Jamiyat

image

Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev boshchiligidagi delegatsiya birinchi marta Los-Anjeles okrugi kotibining taklifiga binoan AQSHda prezidentlik praymerizlariga tayyorgarlik ko‘rish jarayoni bilan tanishish maqsadida AQSHning Kaliforniya shtatida bo‘lib turibdi. Bu haqda MSK matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, AQSHda tug‘ilgan, o‘ttiz besh yoshdan kichik bo‘lmagan va saylovgacha kamida o‘n to‘rt yil Qo‘shma Shtatlar hududida yashayotgan shaxs prezidentlikka nomzod bo‘lishi mumkin. Demokratik va Respublikachilar partiyalaridan prezidentlikka nomzodlarni ko‘rsatish odatda mazkur partiyalarning eng mashhur a’zolarini aniqlashga imkon beruvchi praymeriz jarayonlari orqali amalga oshiriladi. AQSH prezidentlik praymerizlari shtatlar darajasida o‘tkaziladigan birlamchi prezidentlik saylovlari instituti bo‘lib, uning natijalariga ko‘ra delegatlar har bir partiyadan yagona prezidentlikka nomzodlarni aniqlash maqsadida milliy partiya qurultoyiga yuboriladi.

AQSHda prezident to‘g‘ridan to‘g‘ri saylovchilar tomonidan emas, balki saylovchilar kollegiyasi tomonidan saylanadi. Noyabr oyining dastlabki dushanbasidan keyingi birinchi seshanba kunida saylovlar bo‘lib o‘tadi, unda har bir shtat aholisi AQSH Kongressidagi o‘z vakillari soniga mutanosib ravishda saylovchilar kollegiyasi a’zolarini saylaydi. Kaliforniya shtati eng ko‘p saylovchilar kollegiyasi a’zolariga ega bo‘lib, ularning soni 55 nafarni tashkil qiladi. 

Los Anjeles okrugi kotibi va uning idorasi mazkur hududda barcha darajadagi saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazishni tashkil etish, jumladan, saylovchilarni ro‘yxatga olish, ularni bo‘lajak saylovlar to‘g‘risida xabardor qilish hamda saylov texnologiyalarini joriy etish kabi vazifalarni amalga oshiradi.

Xorijiy kuzatuvchilarni AQSH Saylovga ko‘maklashish komissiyasi a’zosi Kristi MakKormik va Los Anjeles okrugi kotibi Din Logan kutib oldi. Ular AQSH saylov tizimi, saylov ma’muriyatining asosiy vazifalari va funksiyalari bilan tanishtirdi.

Kaliforniya shtati praymerizlarida ovoz berish jarayonlari 5 martga belgilangan. Barcha saylovchilarga saylov byulletenlari oldindan yuborilgan. Byulletenda shtat darajasida va mahalliy darajadagi nomzodlarning uzun ro‘yxati hamda ularni tasdiqlash yoki rad etish masalalari, shu jumladan, noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlarga partiyalarning prezidentlikka nomzodlari va AQSH Senatiga ochiq praymerizlar uchun ikki nafar eng yaxshi nomzodlarni aniqlashga doir ma’lumotlar aks etgan.

Saylovga o‘n kun qolganda o‘z faoliyatini boshlaydigan ovoz berish markazlari saylovchilarga pochta orqali yuborilgan byulletenlarni qaytarish, muddatidan oldin yoki saylov kuni shaxsan ovoz berish imkoniyatlarini yaratib beradi. Shu maqsadda, okrug hududida 644 ta ovoz berish markazlari tashkil etilgan bo‘lib, ulardan 119 tasi saylovga o‘n kun qolganda ochilgan bo‘lsa, qolgan 525 tasi 2−5 mart kunlari o‘z faoliyatini boshlaydi.

Saylovchilar to‘ldirilgan byulletenlarni pochta orqali yuborishlari yoki ovoz berish markazlaridagi maxsus qutilarda qoldirishlari mumkin.

1 mart kuni O‘zbekiston MSK delegatsiyasi xorijiy kuzatuvchilar guruhi tarkibida Los-Anjelesdagi jamoat kutubxonasida tashkil etilgan ovoz berish markaziga bordi, u yerda markaz xodimlari va saylovchilar bilan suhbatlashdi hamda maxsus elektron ovoz berish uskunalari yordamida ovoz berish jarayonlarini kuzatdi.

Kuzatuvchilar guruhi VSAP (Voting Solutions for All People – Barcha uchun ovoz berish yechimlari) operatsion markazi faoliyati bilan tanishdi. Operatsion markaz elektron ovoz berish uskunalari va saylovchilarni onlayn ro‘yxatga olish moslamalarini saqlash, texnik xizmat ko‘rsatish va ularni ovoz berish jarayonlariga tayyorlash, shuningdek, ovoz berish markazlarida ularning ishlashini monitoring qilinishini ta’minlaydi.

Tashrif doirasida AQSH saylovlarida qo‘llaniladigan zamonaviy saylov texnologiyalarini o‘rganishga oid boshqa tadbirlar ham ko‘zda tutilgan.

Ma’lumot uchun, 2023 yil 25 aprelda AQSHning amaldagi Prezident Jo Bayden qayta saylanish uchun demokratlar partiyasidan o‘z nomzodini qo‘yishini ma’lum qilgan edi. Amerikaning sobiq yetakchisi Donald Tramp esa 2022 yil noyabr oyida respublikachilar partiyasidan saylovoldi poygasiga kirishishini e’lon qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Markaziy saylov komissiyasi Zayniddin Nizomxo'jaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing