O‘zbekiston Melaneziyadagi davlat bilan diplomatik aloqa o‘rnatdi

Jamiyat

image

Joriy yilning 22 sentyabr kuni Nyu-York shahrida O‘zbekiston va Vanuatu Respublikalari o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risida Qo‘shma kommyunike imzolandi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, ikki davlat hukumatlari nomidan mazkur hujjatni O‘zbekistonning BMT huzuridagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov va Vanuatuning BMT huzuridagi missiyasi rahbari Odo Tevi imzolagan.

Suhbat davomida mamlakatlar o‘rtasida xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va uning ixtisoslashtirilgan muassasalari doirasida yaqin hamkorlikni mustahkamlash muhimligi ta’kidlangan.

“Mazkur hujjatning imzolanishi O‘zbekistonning Tinch okeani mintaqasi davlatlari bilan diplomatik hamkorligini kengaytirish yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘ldi”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, Vanuatu Respublikasi – Tinch okeanining janubiy-g‘arbiy qismidagi Melaneziya mintaqasida joylashgan suveren orol-davlat. Mamlakat 83 ta oroldan iborat arxipelagda joylashgan bo‘lib, ulardan 65 tasida aholi istiqomat qiladi. Mamlakatning poytaxti va eng yirik shahri – Efate orolida joylashgan Port-Vila shahridir.

Arxipelag asosan vulkanik kelib chiqishga ega bo‘lib, Tinch okeanining “olovli halqasi”da joylashgani sababli u yerda seysmik faollik yuqori – tez-tez zilzilalar, sunami va vayronkor tropik siklonlar yuz berib turadi. Vanuatu aholisi taxminan 330 ming kishini tashkil etadi, ularning asosiy qismi mahalliy melaneziyaliklardir (ni-vanuatu). Mamlakatda uchta rasmiy til amal qiladi: bislama (mahalliy kreol tili), ingliz va fransuz tillari. Pul birligi – vatu.

Davlat tuzumi bo‘yicha Vanuatu parlament respublikasi hisoblanadi. Iqtisodiyotining asosini qishloq xo‘jaligi, baliqchilik, turizm va offshor moliyaviy xizmatlar tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning Nyu-York shahridagi BMT huzuridagi Doimiy vakolatxonasida O‘zbekiston va Gvineya-Bisau o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risida Qo‘shma kommyunike imzolangandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing