O‘zbekiston Eritreya bilan diplomatik aloqa o‘rnatdi
Jamiyat
−
11 iyul 3449 1 daqiqa
Bugun, 11 iyul kuni O‘zbekiston va Eritreya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish bo‘yicha Qo‘shma kommyunike imzolandi. Bu haqda Eritreyaning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi (Nyu-Yorkdagi) doimiy vakolatxonasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, tomonlar BMT huzuridagi doimiy vakolatxonalar darajasida rasmiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Hujjatni O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov va Eritreya doimiy vakili Sofiya Tesfamariam Yoxannes imzolagan.
“Bu hujjat ikki davlat o‘rtasida o‘zaro hurmat va BMT Nizomi tamoyillariga asoslangan yangi bosqichdagi hamkorlikni boshlab berdi”, deyiladi xabarda.
Shu tariqa Eritreya O‘zbekiston diplomatik munosabat o‘rnatgan 161-davlat bo‘ldi.
Ma’lumot o‘rnida, Eritreya – Afrikaning shimoli-sharqiy qismida joylashgan davlat bo‘lib, Sudan, Efiopiya va Jibuti bilan chegaradosh, shuningdek, Qizil dengizga chiqish imkoniyatiga ega.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Nyu-York shahrida O‘zbekiston va Kot-d’Ivuar Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma kommyunike imzolangandi. Tomonlar xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari doirasida qo‘shma hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekanini bildirgan.
Live
Barchasi