Burkina-Faso Fransiya bilan diplomatik aloqalarni uzdi
Olam
−
27 iyun 2290 2 daqiqa
Burkina-Faso Fransiya bilan diplomatik aloqalarni uzmoqda. Bu haqda Afrika davlati hukumatining bayonotiga tayanib, “Burkina24” xabar berdi.
Hukumat rahbari Pingdvende Jilber Uedraogoning bayonotida aytilishicha, ushbu qaror ikki tomonlama munosabatlarni “sinchiklab baholash” natijasida qabul qilingan, chunki o‘zaro hurmat va milliy suverenitet uchun sharoit uzoq vaqt davomida ta’minlanmagan. U Fransiyaning Burkina-Faso milliy manfaatlariga qarshi qaratilgan “tinimsiz faoliyati” va uning “neokolonial ambitsiyalari”ni qoralagan.
“Mamlakatimiz ustidan hukmronlik qilish va xalqimizni qullikka solishga qaratilgan imperialistik intilishlar fonida biz mas’uliyat va suverenitet foydasiga tanlov qildik. Hukumat shuni alohida ta’kidlaydiki, ushbu qaror Burkina-Faso va Fransiya xalqlarini birlashtirib turuvchi tarixiy, insoniy, madaniy va ijtimoiy aloqalarni hech qaysi jihatdan shubha ostiga qo‘ymaydi”, deyiladi kommyunikeda.
Ma’lumot uchun, Burkina-Fasoda 2022 yilda ikkita davlat to‘ntarishi yuz bergan. Mamlakat rahbari Ibrohim Traore “o‘tish davri prezidenti” unvoniga ega. 2022 yilning yanvar oyida u saylangan prezident Rok Kaboreni ag‘dargan “Himoya va tiklanish yo‘lidagi vatanparvarlik harakati” harbiylarining hokimiyat tepasiga kelishiga yordam bergan, sentyabrda esa Traore ikkinchi to‘ntarishda ishtirok etib, uning yakunlariga ko‘ra mamlakatni boshqara boshlagan.
Fransiya bilan diplomatik munosabatlar uzilgani haqidagi bayonotga qaramay, Burkina-Faso hukumati barcha davlatlar bilan suveren tenglik shartlari asosida muloqot qilishga tayyor ekanligini ma’lum qilgan.
2024 yilning aprel oyida Burkina-Faso rasmiylari uch nafar fransuz diplomatini “putur yetkazuvchi faoliyat”da ayblab, mamlakatdan chiqarib yuborishga qaror qilgan edi. Bundan tashqari, ushbu diplomatlar “persona non grata” deb e’lon qilingan. Bir yil avval esa Fransiya Tashqi ishlar vazirligi ushbu Afrika davlatiga beriladigan barcha moliyaviy yordamlarni to‘xtatishini e’lon qilgan.
Live
BarchasiTurkiyada F-16 halokatga uchradi
12 avgust