“O‘zbekiston” mehmonxonasini oladigan mard yo‘q! Narx pasaytirildi
Jamiyat
−
09 avgust 2019
14695Joriy yilning fevral oyida poytaxt Toshkentdagi “O‘zbekiston” mehmonxonasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan sotuvga qo‘yilgani haqida xabar bergan edik. Ushbu mehmonxona hamon sotilmagan.
Uning boshlang‘ich bahosi 33 million AQSH dollari etib belgilangan edi. Bugungacha sotilmagan mehmonxonaning narxi 10 %ga tushirildi. Ayni vaqtda narx 29,7 mln AQSH dollarini tashkil etmoqda.
“Otel O`zbekiston” MCHJ qo‘shma korxonasi ustav kapitalidagi davlat ulushi yer va unda joylashgan infratuzilma ob’ektlari hamda “O‘zbekiston” mehmonxona kompleksi binosidan 99 yil davomida foydalanish (tasarruf etish huquqisiz) huquqi shaklida shakllantirilgan.
Investitsiya majburiyatlariga ko‘ra, majmuani sotib olgan investorga ikki yil ichida 100 milliard so‘m miqdorida sarmoya kiritishi, 10 yil davomida asosiy faoliyat turi ya’ni mehmonxona xizmati ko‘rsatishni saqlab qolgan holda tashqi fasadini o‘zgartirmasdan mehmonxonani ta’mirlashi va boshqaruvga eng ilg‘or menejerlarni jalb qilishi talab etiladi.
Toshkent shahrining qoq markazida joylashgan ushbu majmuaning umumiy yer maydoni 17.482 m2 ni tashkil etadi. Bino 17 qavatdan iborat bo‘lib, jami 315 ta xonasi mavjud. Ular 83 ta bir kishilik (standart), 60 ta 1 kishilik (yaxshilangan), 59 ta yarim lyuks standartdagi (ikkita yotoqli), 105 ta ikki kishiga mo‘ljallangan (twin) hamda 7 ta lyuks shuningdek 1 ta (grandlyuks) xonalaridir.
Mehmonxona majmuasida 2 ta 330 kv metr kenglikdagi anjumanlar zali hamda 2 ta 2 020 kv.m kenglikdagi 550 o‘ringa mo‘ljallangan banket zallari mavjud. Mijozlarga qulaylik yaratish maqsadida minibar, restoran, savdo va valyuta ayirboshlash shahobchalari, sport xonasi, sauna, basseyn, avtoturargoh, bepul internet xizmatlari tunu-kun faoliyat ko‘rsatadi.
Mehmonxona majmuasi metroning yonginasida joylashgan bo‘lib, xalqaro aeroportgacha 10 km, Shimoliy vokzalgacha 7 km masofadir.
Mazkur majmua 2017 yilda 7 milliard 100 million so‘m, 2018 yilda 6 milliard 300 million so‘m sof daromad ko‘rgan.
Tanlov savdolarida ishtirok etish uchun talabgor mazkur davlat ulushi boshlang‘ich narxining kamida 15 foizi miqdoridagi mablag‘larini pul o‘tkazish yo‘li bilan quyidagi hisob raqamiga zakalatga qo‘yishi shart.
Tanlov takliflari solingan konvertning birinchi nushalari ochilishi 2019 yil 30 avgust soat 15:00 da Davlat aktivlarini boshqarish agentligi binosida bo‘lib o‘tadi.
Ma’lumot o‘rnida, ushbu mehmonxona bir necha yillar davomida toshkentlik taniqli tadbirkor, mamlakatning badavlat shaxslaridan biri – “Botir alyuminiy” nomi bilan tanilgan Botir Rahimovga tegishli bo‘lgan.
U bundan uch yil avval rossiyalik taniqli o‘zbek milliarderi Alisher Usmonovning sobiq kelini – marhum jiyani Bobur Usmonovning bevasi Diyora Usmonovaga uylangan edi. Shundan so‘ng mamlakatni tark etgan Botir Rahimov turmush o‘rtog‘i bilan Turkiyaning Istanbul shahrida yashab kelmoqda. Bu orada unga tegishli bo‘lib kelgan "O‘zbekiston" mehmonxonasi ham sotuvga qo‘yilgan.
Kuni kecha unga tegishli bo‘lgan “KapitalBank"ning 36 foiz aksiyasi Oybek Tursunov va Ismoil Murodov ta’sischisi hisoblangan "Promadik Invest" kompaniyasiga sotilgan edi.
LiveBarchasi