Karimov va Mirziyoyev davrida Konstitutsiya necha marta o‘zgardi?
Tahlil
−
28 may 2022
40875Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bilan bog‘liq masala jamoatchilik muhokamasi markazida bo‘lib turibdi. Mustaqil O‘zbekiston uchun Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yangilik bo‘lmasa-da, navbatdagi o‘zgartish va qo‘shimchalar avvalgilaridan butkul farq qilishi kutilmoqda. Balki, shu bois Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov raisligida Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya tuzilgandir.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: qabul qilinganiga bu yil 30 yil to‘ladigan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga bugungi kungacha necha marta o‘zgartishlar kiritilgan?
QALAMPIR.UZ Islom Karimov va Shavkat Mirziyoyev rahbarligi davrida mamlakat Bosh qomusiga kiritilgan o‘zgartishlarga nazar tashladi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 1992 yilning 8 dekabrida Respublika Oliy Kengashida qabul qilingan. Biroq amaldagi hujjat birinchisidan ancha farq qiladi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga hozirgi kunga qadar 15 marta o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan:
Birinchi o‘zgartish – 1993 yil 28 dekabrda qabul qilingan Qonun bilan Konstitutsiyaning 77-moddasi 1-qismidagi “150 nafar deputatdan iborat” degan so‘zlar “deputatlardan iborat” degan so‘z bilan almashtirilgan;
Ikkinchi o‘zgartirish – 2003 yil 24 aprelda qabul qilingan Qonun bilan Konstitutsiyaning XVIII–XX, XXIII boblaridagi moddalarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Unga ko‘ra, ikki palatali parlamentni saylash va Prezident vakolat muddatini 5 yil emas, 7 yil etib belgilash asosiy o‘zgartirish bo‘ldi.
Uchinchi o‘zgartirish – 2007 yil 11 aprelda qabul qilingan Qonun bilan Konstitutsiyaning 89-moddasiga, 93-moddasining 15-bandiga, 102-moddasining ikkinchi qismiga o‘zgartirish va tuzatishlar kiritilgan.
To‘rtinchi o‘zgartirish – 2008 yil 25 dekabr qabul qilingan Qonun bilan Konstitutsiyaning 77-moddasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qonunga muvofiq saylanadigan bir yuz ellik deputatdan iboratligi belgilandi.
Beshinchi o‘zgartirish – 2011 yil 18 aprelda qabul qilingan Qonun bilan Konstitutsiyaning 78, 80, 93, 96 va 98-moddalariga o‘zgartirish va tuzatishlar kiritilgan. Xususan, 96-moddaga o‘zgartirish kiritilib “Prezident vazifasini bajarolmay qolgan holatda uning vazifa va vakolati vaqtincha Senat raisi zimmasiga yuklanadi. Uch oy ichida prezident saylovi tashkil etiladi va o‘tkaziladi”, deya belgilandi.
Oltinchi o‘zgartirish – 2011 yil 12 dekabrda qabul qilingan Qonun bilan Konstitutsiyaning 90-moddasiga tuzatish kiritilib, Prezident vakolati yetti yildan besh yilga almashtiriladi.
Yettinchi o‘zgartirish – 2014 yil 16 aprelda qabul qilingan Qonun bilan Konstitutsiyaning 32, 78, 93, 98, 103 va 117-moddalarigao‘zgartish va tuzatishlar kiritilgan. 6-modda o‘zgardi. 32-modda “Davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish tartibi qonun bilan belgilanadi” bilan to‘ldirildi.
Sakkizinchi o‘zgartirish – 2017 yil 6 aprelda qabul qilingan Qonun bilan Konstitutsiyaning 80, 81, 83, 93, 107, 110 va 111-moddalariga o‘zgartish va tuzatishlar kiritilgan. Eng muhim o‘zgarishlardan biri shuki, 81-moddaning yettinchi qismidagi “Oliy xo‘jalik sudi” degan so‘zlar “Sudyalar oliy kengashi” degan so‘zlar bilan almashtirildi. Konstitutsiyaning 111-moddasida Sudyalar oliy kengashining huquqiy maqomi belgilandi.
To‘qqizinchi o‘zgartirish – 2017 yil 31 mayda qabul qilingan Qonun bilan Konstitutsiyaning 80, 93, 108 va 109-moddalariga o‘zgartish va tuzatishlar kiritilgan. Asosiy o‘zgarishlar Konstitutsiyaviy sud mustaqilligini mustahkamlashga oid bo‘ldi.
O‘ninchi o‘zgartirish – 2017 yil 29 avgustda qabul qilingan Qonun bilan Konstitutsiyaning 99 va 102-moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan. 102-moddada Toshkent shahri tarkibiga kiruvchi tumanlarga hokim tayinlanishi va lavozimidan ozod etilishi Toshkent shahar hokimi vakolatiga kirishi to‘g‘risidagi norma belgilandi.
O‘n birinchi o‘zgartirish – 2018 yil 15 oktyabrda qabul qilingan Qonun bilan Konstitutsiyaning 105-moddasiga tuzatish kiritildi. Unga ko‘ra, mazkur moddaning 1-qismidagi “ikki yarim yil muddatga raisni (oqsoqolni) va uning maslahatchilarini” degan so‘zlar “raisni (oqsoqolni)” degan so‘z bilan almashtirildi.
O‘n ikkinchi o‘zgartirish – 2019 yil 18 fevralda qabul qilingan Qonun bilan Konstitutsiyaning 80 va 93-moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Asosiy o‘zgarish, Milliy xavfsizlik xizmati Davlat xavfsizlik xizmatiga o‘zgarishi bo‘ldi. Ya’ni, 80-modda 7-bandi va 93-modda birinchi qismining 24-bandidagi “Milliy” degan so‘z “Davlat” degan so‘z bilan almashtirildi.
O‘n uchinchi o‘zgartirish – 2019 yil 5 martda qabul qilingan Qonun bilan Konstitutsiyaning 79, 93 va 98-moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan. Muhim o‘zgarishlardan biri, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi ma’qullaganidan keyin kiritilgan taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a’zolarini tasdiqlashi va lavozimlaridan ozod qilishi bo‘ldi.
O‘n to‘rtinchi o‘zgartirish – 2019 yil 4 sentyabrda qabul qilingan Qonun bilan Konstitutsiyaning 96 va 117-moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Unga ko‘ra, 117-moddadagi Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan, shuningdek og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etgani uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etmasligi, boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita cheklashga yo‘l qo‘yilmasligi belgilandi. Avvalgi tahrirga ko‘ra, sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan har qanday shaxs saylovda ishtirok eta olmas edi.
O‘n beshinchi o‘zgartirish – 2021 yil 8 fevralda qabul qilingan Qonun bilan Konstitutsiyaning 117-moddasiga o‘zgartish kiritildi. Xususan, 117-moddasining ikkinchi qismidagi “dekabr” degan so‘z “oktyabr” degan so‘z bilan almashtirildi.
Ma’lumot o‘rnida, dunyoning birinchi qabul qilingan Konstitutsiyalardan biri hisoblanmish AQSH Konstitutsiyasiga 1787 yilda qabul qilinganidan buyon 235 yil ichida 27 marta tuzatish kiritilgan. Fransiyaning amaldagi Konstitutsiyasi 1958 yilda qabul qilingan bo‘lib, hozirgacha unga 24 marta o‘zgartirish kiritilgan, xolos.
Kamronbey Kenjayev
LiveBarchasi