O‘zbekiston xorijdan gaz sotib olish hajmini besh karra oshirdi
Jamiyat
−
21 avgust
3855Yanvar-iyul oylarida mamlakatga 983,7 million dollarlik tabiiy gaz import qilindi. Bu haqda Statistika agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonga iyul oyida 174,2 million dollarlik gaz import qilgan. Bu 2023 yil iyuliga nisbatan 174 baravar ko‘p. Ya’ni o‘tgan yilning iyul oyida xorijdan 1 million dollarlik gaz sotib olingan.
Joriy yil yanvar-iyul oylarida mamlakat jami 983,7 million dollarlik tabiiy gaz import qilgan. 2023 yil mos davrida bu ko‘rsatkich 201 million dollarni tashkil etgan. Ya’ni gaz importiga 7 oylik xarajat o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan qariyb 5 baravar ko‘proq.
Statistik raqamlarga qaraganda, joriy yilda O‘zbekiston gaz importiga quyidagi miqdorlarda mablag‘ sarflangan:
- Yanvarda – 35,6 million dollar;
- Fevralda – 131,1 million dollar;
- Mart – 193,6 million dollar;
- Aprel – 102,6 million dollar;
- May – 108,4 million dollar;
- Iyun – 166,3 million dollar.
O‘zbekiston 2023 yil 7 oktyabrdan Rossiyadan Qozog‘iston orqali gaz sotib olmoqda. Mas’ullar hozirgacha gazning import narxi haqida ma’lumot bermay kelmoqda. 2024 yil fevral oyida O‘zbekiston hukumati Rossiya Federatsiyasidan gaz importini 3,5 barobarga, ya’ni 9 milliondan 32 million kub metrga oshirish maqsadida respublika magistral gaz tizimini modernizatsiya qilmoqchiligi xabar qilingan.
Mamlakatda gaz importi o‘sayotganiga qaramay, gaz eksporti to‘xtatilmagan. O‘tgan oyda 91,7 million dollarlik gaz eksporti amalga oshirilgan. Bu 2023 yilning iyuliga nisbatan 1,3 barobarga ko‘p. Ya’ni o‘tgan yilning iyul oyida 63,9 million dollarlik gaz eksport qilingan.
2024 yil yanvar-iyul oylarida respublika jami 323,1 million dollarlik gaz eksportini amalga oshirgan. 2023 yilning mos davrida esa bu ko‘rsatkich 341,9 million dollarni tashkil etgan.