Tadbirkorlar uchun elektr va gaz bo‘yicha oldindan to‘lov 15 foizga tushiriladi
Jamiyat
−
21:06 490 2 daqiqa
Joriy yil 1 noyabrdan boshlab O‘zbekistonda tadbirkorlar uchun elektr va gaz bo‘yicha oldindan to‘lov 15 foizga tushiriladi. Bu haqda Prezident kecha, 27 avgust kuni qabul qilgan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonda so‘z boradi.
Hujjatga ko‘ra, 2026 yil 1 noyabrdan boshlab elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun oldindan to‘lov miqdori 15 foiz etib belgilanadi. Mazkur tartib tadbirkorlik sub’ektlari uchun kommunal resurslar bo‘yicha dastlabki to‘lov yukini kamaytirishga qaratilgan.
Bundan tashqari, farmonda elektr energiyasi va gaz sarfi to‘g‘risidagi elektron hisoblagichlar ma’lumotlarini elektr tarmog‘i va gaz ta’minoti korxonalariga majburiy elektron ko‘rinishda yuborish tartibini bekor qilish ham nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, joriy yil 1 noyabrdan elektr energiyasi va tabiiy gaz hisobini yuritish hamda nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga (EHHAT) va tabiiy gaz hisobini yuritishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulangan, shuningdek, hisoblagich ma’lumotlarini masofadan uzatish imkoniyatiga ega tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan elektr va gaz ta’minoti korxonalariga ma’lumotlarni yuborish talabi bekor qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda kichik tadbirkorlik sub’ektlarini har qanday tekshirishga 3 yil muddatga moratoriy joriy etilishi va joriy yil 31 dekabrgacha kichik va o‘rta tadbirkorlik sub’ektlari uchun “Ikkinchi imkon” iqtisodiy amnistiyasi e’lon qilingani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, 2027 yil 1 yanvardan boshlab tadbirkorlarga moliyaviy jarima qo‘llashda “Birinchi xato uchun – ogohlantirish” qoidasi joriy etiladi.
Live
Barchasi