O‘zbekiston Xitoyga maxsus samolyotda gumanitar yordam jo‘natdi (fotoreportaj)

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 12 fevral kuni “Xitoy Xalq Respublikasiga gumanitar yordam yuborish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Mazkur farmonga asosan bugun erta tongdan gumanitar yordam ortilgan maxsus samolyot Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportidan yo‘lga chiqdi. Bu haqda voqea joyidan QALAMPIR.UZ muxbiri xabar bermoqda. 

Gumanitar yordam qutilaridan eng zarur tibbiy buyumlar o‘rin olgan. Bular sterillangan bir marta ishlatiladigan qo‘lqoplar, himoya kiyimlari, filtrli yuz niqoblari va boshqalar. 

Mazkur gumanitar yordamni yetkazib berish O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligiga yuklatilgan. 

Ayni vaqtda mamlakatda insonparvarlik yordamining ikkinchi partiyasini shakllantirish ishlari boshlangan. Shu munosabat bilan mamlakatdagi to‘qimachilik korxonalari tibbiy niqoblar va himoya kostyumlarini ishlab chiqarmoqda. Ularni Xitoyga yuborish rejalashtirilmoqda.

Rasmiy Toshkentning qayd etishicha, O‘zbekiston Xitoy Xalq Respublikasi hukumatining yangi turdagi koronavirus (nCoV-2019) tarqalishiga qarshi kurashish va mahalliylashtirish bo‘yicha amaliy harakatlarini yuqori baholaydi. 

Yangi koronavirus

Xitoyning Xubey provinsiyasi markazi Uxan shahrida o‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida yangi virus paydo bo‘ldi. Xitoy Hukumati 31 dekabr kuni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotini mamlakatda epidemiya boshlangani haqida ogohlantirdi.

Koronavirus bilan kasallanganlar hozircha Xitoydan tashqari 27 davlat – Yaponiya, Tailand, Singapur, Janubiy Koreya, Gonkong, Avstraliya, Tayvan, Makao, Malayziya, Amerika Qo‘shma Shtatlar, Germaniya, Vetnam, Fransiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Kanada, Filippin, Buyuk Britaniya, Rossiya, Italiya, Hindiston, Finlyandiya, Shvetsiya, Shri-Lanka, Kamboja, Nepal, Ispaniya va Belgiyada aniqlandi.

Virusdan bugungacha 1115 nafar odam halok bo‘ldi. U bilan kasallanganlar soni 45 171 nafarga yetdi. JSST yangi koronavirusning dunyoga tarqalishi sababli Jamoat sog‘lig‘i uchun xalqaro xavotirga molik favqulodda vaziyat joriy qildi. Bu insoniyat sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘ilganda e’lon qilinadigan rasmiy maqom hisoblanadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti yangi koronavirusga rasman nom berdi va u COVID-2019 deb ataldi.

Yangi koronavirusga Novel Coronavirus Pneumonia (NCP) nomi berildi. U bugungacha qurbonlar soni bo‘yicha 2002 yildagi atipik pnevmoniya (SARS) va 2012 yildan beri Yaqin Sharq respirator sindromini (MERS-CoV) ortda qoldirdi. SARS`dan 8096 nafar odam kasallangan, shulardan 774 nafari (o‘lim darajasi 9,6 foiz) halok bo‘lgan. MERS-CoV virusidan 2494 nafar odam kasallanib, ularning 858 (o‘lim darajasi 34,4 foiz) nafari qurbon bo‘lgan.
 


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy koronavirus gumanitar yordam

Baholaganlar

176

Reyting

4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing