O‘zbekiston xalqaro tashkilotdan taklif oldi
Jamiyat
−
15 Sentabr 2019
3447O‘zbekiston Respublikasining Kimyoviy qurolni taqiqlash tashkilotidagi doimiy vakili Dilyor Hakimov Niderlandiyaning Raysvik shahridagi muassasaga qarashli maxsus laboratoriya va materiallar omboriga bordi.
Bu yerda O‘zbekiston vakili laboratoriya faoliyati va texnik imkoniyatlari bilan tanishtirildi. Jumladan, tashkilot xodimlari laboratoriyaning kimyoviy moddalar tahlili borasidagi imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berdi. Shu yerning o‘zida 193 davlat qo‘shilgan Kimyoviy qurolni man etish bo‘yicha konvensiya ishtirokchi davlatlari vakillari uchun trening-kurslar tashkil etilgani ma’lum qilindi.
Tadbir davomida O‘zbekiston tomoni joriy yil 25-29 noyabr kunlari Gaagada bo‘lib o‘tadigan Kimyoviy qurolni taqiqlash tashkiloti ishtirokchi davlatlarining 24-anjumanida qatnashish uchun taklif qilindi.
Ma’lumot uchun:1993 yil yanvar oyida ochiq bo‘lgan kimyoviy qurolni taqiqlash to‘g‘risidagi konvensiya kuchga kirgandan so‘ng, 1997 yil 29 aprelda BMT ko‘magi bilan Kimyoviy qurolni taqiqlash tashkiloti (KQTT) tashkil etilgan.
2013 yilda KQTT tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Asosiy vazifalari kimyoviy quroldan foydalanish taqiqiga rioya qilinishini ta’minlash, ularning zaxiralarini yo‘q qilish, kimyo sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, davlatlarga kimyoviy quroldan himoyani ta’minlash va kimyoviy qurollarning tarqalmasligini ta’minlashdan iborat.
Bosh ofisi Gaagada (Niderlandiya) joylashgan.
LiveBarchasi