O‘zbekiston qonunchiligida “vatanparvarlik uchun” jarima borligi eslatildi
Jamiyat
−
20 yanvar 2023
19421Uy-ro‘zg‘or buyumlari va boshqa turdagi tovarlarda davlat gerbi va bayrog‘i tasvirlaridan foydalanish O‘zbekiston Respublikasi davlat ramzlariga nisbatan hurmatsizlik hisoblanadi. Bu haqda Adliya vazirligi Axborot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva ma’lum qildi.
O‘rinboyeva Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi sahifalardan birida namoyish qilingan uy-ro‘zg‘or buyumlarida davlat gerbi va bayrog‘i tasvirlaridan foydalanilganini tanqid ostiga olar ekan, bu davlat ramzlariga nisbatan hurmatsizlik ekanini eslatgan.
Uning aytishicha, O‘zbekiston Respublikasi “Davlat gerbi to‘g‘risida”gi Қонунининг 5-1-moddasi hamda “Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Қонунининг 5-2-moddasiga muvofiq, davlat ramzlari tasviri tushirilgan belgilardan ishlab chiqarilayotgan yoki realizatsiya qilinayotgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) o‘tkazish uchun tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin emas.
“Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi Qonunning 10-moddasida davlat gerblari, bayroqlari va davlat mukofotlarining tasviri tushirilgan belgilar; davlatlarning rasmiy nomlari tovar belgilari sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilmasligi belgilangan”, deyilgan xabarda.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 215-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasining Davlat bayrog‘i, Davlat gerbi yoxud Davlat madhiyasiga hurmatsizlik qilish - bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilangan.
Shuningdek, buning uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 203 prim 1-moddasida ham javobgarlik belgilangan.
“Adliya vazirligi davlat ramzlarini hurmat qilishni va qonunga binoan faoliyat yuritishni so‘rab qoladi”, degan O‘rinboyeva.
Biroq, dunyo mamlakatlari davlat ramzlarining kiyimlar va boshqa tovar mahsulotlarida aks etishini noqonuniy deb hisoblamaydi.
Masalan, 2006 yildan Avstraliyaning Melburn shahrida faoliyat boshlab, butun dunyodagi 700 mingdan ortiq rassom va dizaynerlarning ijod namunalarini sotishi uchun imkoniyat yaratib beruvchi Redbubble platformasi xalqaro davlatlar bayroqlari tasviri tushirilgan kiyimlarni sotuvga chiqaradi.
Bu o‘sha mamlakatning targ‘iboti uchun ayni muddaodir.
Amazon, AliExpress, Etsy, Zazzle kabi yirik onlayn savdo do‘konlari ham davlat ramzlari aks etgan tovarlar, suvinerlarni savdoga chiqaradi.
LiveBarchasi