O‘zbekiston Qirg‘izistonga Qizil kitobga kiritilgan 15 bosh jayron sotdi
Olam
−
23 Sentabr 2021
13595Joriy yilning oktyabr oyida O‘zbekiston Qizil kitobga kiritilgan jayrondan 15 tasini Qirg‘izistonga sotadi. Bu haqda kecha, 22 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Qirg‘iziston Fanlar akademiyasi Biologiya instituti umurtqali hayvonlar laboratoriyasi boshlig‘i Asqar Davlatbekov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Qirg‘izistonda Qizil kitobga kiritilgan jayronning populyatsiyasi yo‘q bo‘lib ketgan. Hatto Sovet ittifoqi davridayoq ko‘pi qirib tashlangan.
“Jayronlar ilgari Chuy vodiysida, tekisliklarda yashagan. Bugun ular umuman yo‘q. Shuning uchun biz ularni boshqa davlatlardan olib kelishimiz kerak. Ayni vaqtda Qozog‘iston va Ozarbayjon kabi davlatlar bilan muzokara o‘tkazyapmiz”, degan Asqar Davlatbekov.
Uning aytishicha, O‘zbekiston 15 bosh jayronni oktyabr oyining o‘rtalarida Qirg‘izistonga yetkazib beradi.
“Hayvonlar grand hisobidan sotib olinmoqda. Ular bir muddat maxsus joyda saqlanadi va keyinroq avval yashagan hududlariga qo‘yib yuboriladi”, deydi u.
Qayd etish keraki, O‘zbekistonning vakolatli idoralari Qirg‘izistonga jayron yetkazib berish bo‘yicha hech qanday ma’lumot bermagan.
Ma’lumot o‘rnida, jayron O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan sut emizuvchilar oilasiga kiradi. Uni ovlaganlarga katta jarima miqdori belgilangan.
LiveBarchasi