Qizil kitobga kiritilgan qo‘ng‘ir ayiqni ovlaganlarga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
3-sahifa
−
21:33 1128 2 daqiqa
Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumani hududida Qizil kitobga kiritilgan 1 dona Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘i va 3 dona yovvoyi to‘ng‘izni ovlagan shaxslarga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Samarqand va Surxondaryo viloyatlari Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmalari xodimlari hamkorligida navbatdagi reyd tadbiri o‘tkazilgan.
Reyd davomida oq rangli “Niva Legend” rusumli avtomashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganida ustki yukxonasida 8 ta qopda 1 dona ayiq va 3 dona yovvoyi cho‘chqaning tana bo‘laklari topilgan. Shuningdek, avtomashinada 3 dona soyli stvolli ov quroli, MS-2112 rusumli silliq stvolli ov miltig‘i, Monza rusumli o‘qlangan, o‘qdonida 7,62 kalibrli 4 dona o‘q bo‘lgan soyli stvolli ov quroli, 43 dona 7,62 kalibrli jangovar o‘q-dori, 56 dona mayda sochmali o‘q, 13 dona yakka jangovar o‘q, 2 dona binokl, 2 dona ovoz pasaytiruvchi moslama (glushitel), pichoqlar, fonarlar, bolta va boshqa buyumlar aniqlangan.
Reyd davomida huquqbuzarlar tomonidan Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani hududida Qizil kitobga kiritilgan 1 dona Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘i va 3 dona yovvoyi to‘ng‘iz noqonuniy ovlangani ma’lum bo‘lgan. Natijada hayvonot dunyosiga 679 mln 800 ming so‘m moddiy zarar yetkazilgan.
Holat yuzasidan ov qurollari, o‘q-dorilar, ruxsatnomalar va ovchilik guvohnomalari vaqtincha saqlash uchun Samarqand viloyati IIBga topshirilgan, transport vositasi jarima maydonchasiga joylashtirilgan. Shuningdek, huquqbuzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 202-moddasi (Hayvonot yoki o‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzish) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida 400 dan ortiq baliq ovlagan shaxs tabiatga 12 milliard so‘mdan ko‘proq zarar yetkazgandi.
Live
Barchasi