O‘zbekiston – Qirg‘iziston chegarasidagi 6 yil oldin yopilgan punkt qayta ochilishi mumkin
Jamiyat
−
16:01 1799 1 daqiqa
O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegarada 2020 yilda yopilgan “Mamay” nazorat-o‘tkazish punktini qayta ochish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Bu haqda Qirg‘iziston Prezidentining maxsus topshiriqlar bo‘yicha vakili Baqit To‘raboyev ma’lum qildi.
To‘raboyev Jalolobod viloyatidagi “Mamay” xalqaro nazorat-o‘tkazish punkti loyihasining amalga oshirilishi bilan tanishgan. Uning aytishicha, mazkur punktning ishga tushirilishi nafaqat Aksiy tumani, balki Qirg‘iziston va O‘zbekistonning chegara hududlaridagi savdo-iqtisodiy hamda turistik aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishi mumkin.
Punkt faoliyati tiklansa, mahalliy aholi o‘zlari ishlab chiqarayotgan mahsulotlarni O‘zbekistonga eksport qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, Padisha-Ota, Sari-Chelak va Qora-Qamish kabi sayyohlik maskanlariga turistlar oqimi ortishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, “Mamay” nazorat-o‘tkazish punkti 2020 yilda yopilgan. Qirg‘iziston Jogorku Keneshi deputatlari so‘nggi yillarda uning faoliyatini qayta tiklash zarurligini bir necha bor bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston – O‘zbekiston chegarasida “Seydiqum” nazorat-o‘tkazish punktini ochish masalasi muhokama qilingani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, O‘zbekiston – Qirg‘iziston davlat chegarasidagi o‘tkazish punktlari soni 15 tadan 30 tagacha oshirilishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi