O‘zbekiston ilk bor koinotga sun’iy yo‘ldosh uchirmoqchi

Jamiyat

image

O‘zbekiston 2028 yilgacha o‘zining ilmiy-texnik sun’iy yo‘ldoshini koinotga chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “O‘zbekkosmos” agentligi direktori o‘rinbosari Muhiddin Ibrohimov “Kazinform” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Ibrohimovning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda tahsil olayotgan 7 talaba Yaponiyaga yuboriladi va ularga sun’iy yo‘ldosh ishlab chiqarishni o‘rganish vazifasi topshiriladi. 

“Joriy yilda mamlakatimizdan 7 nafar talaba Yaponiyaning Kyusyu texnologiya institutiga magistratura bosqichiga o‘qishga yuboriladi. Ularga quyidagilar topshiriladi – o‘qish davrida sun’iy yo‘ldosh loyihasini ishlab chiqish, uni yig‘ish va sun’iy yo‘ldoshni koinotga uchirish. Talabalarimiz shu yil o‘qishni boshlasa, 2027 yilgacha bitiradi. Ayni paytda koinotga sun’iy yo‘ldoshni uchirish uchun kompaniyalar bilan shartnomalar tuzish kerakligini tushunishimiz kerak. Bizning rejamizga ko‘ra, O‘zbekiston 2028 yilgacha o‘z sun’iy yo‘ldoshini koinotga olib chiqadi”, degan Muhiddin Ibrohimov. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, hozirda O‘zbekiston tomoni SpaceX kompaniyasi bilan muzokaralar olib bormoqda.

“Dunyo mamlakatlari o‘z sun’iy yo‘ldoshlarini koinotga olib chiqish vaqtini allaqachon belgilab, buyurtmalar bergan. Xususan, muddatlar 2-3 yil oldin belgilab qo‘yilgan. Bundan tashqari, raketalarni uchirish hajmi cheklangan. Shuning uchun bu masala ham e’tiborga olinishi kerak”, degan “O‘zbekkosmos” vakili. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning Fergani Space kompaniyasining birinchi sun’iy yo‘ldoshi koinotga uchirilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston sun'iy yo'ldosh SpaceX

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing