O‘zbekiston fuqaroligini olish tartibida nimalar o‘zgaradi?

Jamiyat

image

Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi vakillari “O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahririni qabul qilish zarurligi haqida aytib o‘tdi. "Norma" yangi qonun haqida ma’lumot berdi.

Yangi qonun nima uchun kerak?

Amaldagi qonun 1992 yilda qabul qilingan. Unda migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish jarayonlari bilan bog‘liq munosabatlar to‘liq qamrab olinmagan. Ko‘p normalar eskirib qolgan va davr talablariga muvofiq kelmasligi ta’kidlandi.

Amaldagi qonunda fuqarolik institutining ahamiyati, shuningdek oshkoralik va demokratiya prinsiplari aks ettirilmagan. Unda arizalarni ko‘rib chiqish tartibi va muddatlari belgilanmagan. Idoralararo elektron bazaning mavjud emasligi ham fuqarolikni olishga berilgan arizani ko‘rib chiqish muddati asossiz cho‘zib yuborilishiga sabab bo‘lmoqda.

Qanday yangiliklar nazarda tutilmoqda? 

“O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahririda: 

•    “yashash guvohnomasi”, “tekshiruv varag‘i”, “xorijiy davlat fuqarosi” va boshqa atamalar kiritilmoqda;•    fuqarolikning asosiy prinsiplari mustahkamlab qo‘yiladi: yagona fuqarolik, teng huquqlilik, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar sonini qisqartirish, ochiq-oshkoralik;
•    fuqarolikka qabul qilish turlari qayd etilgan: umumiy, qisqartirilgan va istisno tariqasida;
•    Prezident huzuridagi Fuqarolik masalalari bo‘yicha komissiyaning maqomi, vazifalari va vakolatlari belgilangan;
•    1995 yil 1 yanvargacha O‘zbekiston hududiga kelgan va doimiy propiska qilingan, xorijiy fuqarolikni qabul qilmagan va qonun kuchga kirguniga qadar fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga beriladigan yashash guvohnomasi asosida yashab kelayotgan shaxslar respublika fuqarolari deb e’tirof etiladi (bunday shaxslar soni 49 228 kishini tashkil etadi);
•    tug‘ilgan joyi va ota-onasining fuqaroligidan kelib chiqqan holda xorijiy davlat fuqarolari hisoblangan bolalarga O‘zbekiston fuqaroligini berish tartibi belgilandi;
•    fuqarolikni yo‘qotishga sabab bo‘ladigan konsullikda hisobga turmaslik muddati 3 yildan 7 yilgacha etib o‘zgartirildi;
•    fuqarolikni qabul qilish masalalari bo‘yicha ishlarni to‘xtatib turish, tugatish uchun aniq asoslar belgilab berildi;
•    har bir vakolatli organda materiallarni ko‘rib chiqish muddati bir oydan oshmasligi, umumiy muddat esa – fuqarolik masalalariga oid materiallar kiritilgan paytdan e’tiboran bir yildan oshmasligi kerak;
•    davlat tilini muloqot qila oladigan darajada bilish fuqarolikni olish shartlaridan biri sifatida qabul qilindi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra 1991 yildan 2007 yilgacha 482 kishi O‘zbekiston fuqaroligini olgan. So‘ngra 2016 yil dekabrgacha hech kimga fuqarolik berilmagan. 2017 yildan hozirgi paytga qadar 8 ming kishi O‘zbekiston pasportini olgan. Bugungi kunda O‘zbekistonda fuqaroligi bo‘lmagan 95 857 kishi istiqomat qiladi. Bu Markaziy Osiyo mintaqasida yashaydigan shunday shaxslar umumiy sonining 78,5 foizi deganidir.

2019 yilning 10 oyi ichida 4 951 nafar shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini, 847 317 fuqaro biometrik pasport olgan, 781 376 nafar fuqaroga chet elga chiqish uchun biometrik pasportlar berilgan.


Maqola muallifi

Teglar

pasport fuqarolik

Baholaganlar

117

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing