O‘zbekiston-Fransiya o‘rtasida yangi hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi
Jamiyat
−
05 may 2023
4376Bugun, 5 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qo‘shma Hukumatlararo komissiya hamraisi, Fransiya tashqi savdo, iqtisodiy jozibadorlik masalalari va xorijdagi fransuz fuqarolarining ishlari bo‘yicha vazir-delegati Olive Besht boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
Aytilishicha, uchrashuv davomida O‘zbekistonda Fransiyaning yetakchi kompaniya va tashkilotlari ishtirokidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy hamkorlikning aniq loyihalarini ilgari surish va jadallashtirish masalalari ko‘rib chiqilgan.
Uchrashuv avvalida vazir Olive Besht Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning samimiy salomi va shaxsiy maktubini yetkazgan.
O‘z navbatida, Mirziyoyev Toshkent shahrida o‘tgan Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi hamda “Medef” harakati ishbilarmonlar missiyasi joriy yil aprel oyida mamlakatga amalga oshirgan tashrifning samarali natijalarini katta mamnuniyat bilan qayd etgan. Shuningdek, u O‘zbekiston-Fransiya savdo palatasini ta’sis etish va ishbilarmonlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimini joriy etish borasidagi rejalarni qo‘llab-quvvatlagan.
Bundan tashqari, uchrashuv davomida “yashil” iqtisodiyot, qazib chiqarish tarmog‘i, turizm infratuzilmasi va kommunal tarmoqlarni modernizatsiya qilish, boshqa ustuvor yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan strategik loyihalar izchil borayotgani qayd etilgan.
Aytilishicha, Fransiya kompaniyalarida shaharsozlik, transport, to‘qimachilik sanoati, yangi turdagi qurilish materiallarini ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga qiziqishi ortib bormoqda.
LiveBarchasi