O‘zbekiston-Fransiya savdo palatasi ishga tushadi
Jamiyat
−
02 noyabr 2023
3997Bugun, 2 noyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda muzokara o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Mirziyoyev uchrashuvni ochar ekan, Fransiya Prezidentiga rasmiy shaxslar, yetakchi kompaniyalar rahbarlari, taniqli madaniyat va fan arboblaridan iborat nufuzli delegatsiya boshchiligida O‘zbekistonga kelgani uchun minnatdorlik bildirgan.
“Bu sizning O‘zbekiston-Fransiya do‘stlik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashga shaxsiy e’tiboringiz va alohida yondashuvingizning yorqin tasdig‘idir”, degan Prezident Mirziyoyev.
Bildirilishicha, tomonlar faol siyosiy aloqalarni, parlamentlar, hukumatlar, tashqi siyosiy va iqtisodiy idoralarning muntazam muloqotini davom ettirishga kelishib olgan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, ikki mamlakat orasidagi tovar ayirboshlash yaqin orada 1 milliard yevroga yetishi kutilmoqda. Joriy va istiqbolli loyihalar portfeli esa 10 milliard yevrodan ziyodni tashkil etmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda Fransiyaning Orano, EDF, Total, SUEZ, Eiffage, Voltalia, Lactalis, Veolia va ko‘plab boshqa yetakchi kompaniyalari muvaffaqiyatli ish olib bormoqda.
O‘zbekiston Prezidenti Fransiya bilan hamkorlikning ustuvor sohalari sifatida qazib olish tarmog‘i, strategik xomashyo resurslarini qayta ishlash, gibrid, quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish, suv ta’minoti tizimlarini modernizatsiya qilish, “aqlli” qishloq xo‘jaligini joriy etish, shahar va transport infratuzilmasini rivojlantirish, turizmni qayd etgan.
Muzokaralar davomida ishbilarmonlar o‘rtasidagi sheriklikni ilgari surish uchun O‘zbekiston-Fransiya savdo palatasi ishga tushishi hamda Toshkentda “Business France” agentligining ofisini ochish rejalashtirilayotgani e’lon qilingan.
Shuningdek, gumanitar sohadagi hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida uch yillik dastur qabul qilish va uning doirasida o‘zaro Madaniyat kunlarini o‘tkazish taklif qilingan.
Tomonlar Samarqand shahrida Fransiya alyansi filiali ochilishini olqishlagan hamda qo‘shma oliy ta’lim muassasasini tashkil etishni jadallashtirishga kelishib olgan.
Fransiyaning turli shaharlaridan Samarqand, Buxoro va Xivaga charter reyslarni tashkil etgan holda sayyohlar almashinuvini rivojlantirish dasturini ishlab chiqish tashabbusi ilgari surilgan.
Bundan tashqari, rahbarlar xalqaro kun tartibidagi masalalar, xavfsizlikka umumiy xatar va tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish yuzasidan fikr almashgan.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston yetakchisi Fransiya Prezidentiga 2024 yilda Parij shahrida yozgi Olimpiya o‘yinlari muvaffaqiyatli o‘tishini tilagan.
Ikki davlat rahbari ham erishilgan barcha kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tayyorlashga topshiriq bergan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 1 noyabr kuni Emmanuel Makron Samarqandga yetib kelgandi. Bugun, 2 noyabrda Kongress markazida uni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Oldinroq Mirziyoyev va Makron tor doirada uchrashuv o‘tkazgandi. Makron kelishidan oldin “Bloomberg” nashri Fransiya Prezidentining Qozog‘iston va O‘zbekistonga safaridan maqsad mamlakatning energiya xavfsizligini yaxshilash ekanini yozgandi. AFP esa Yelisey saroyidagi manbasiga tayanib, Makronning Qozog‘iston va O‘zbekistonga tashrifidan mintaqada AQSH va Yevropa Ittifoqi bilan birga Parij ham o‘z vaznini saqlab qolishini maqsad qilganini xabar bergandi..
LiveBarchasi