O‘zbekiston Fanlar akademiyasining 80 yillik yubileyi o‘tkaziladi
Jamiyat
−
11 Sentabr 2023
2435Joriy yilning 9 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning ”O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tashkil topganligining 80 yilligiga bag‘ishlangan yubiley tadbirlarini o‘tkazishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 298-sonli qarori qabul qilindi.
Qarorda keltirilishicha, Fanlar akademiyasi tashkil etilishining 80 yillik yubiley tadbiri 2023 yil 12-14 dekabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkaziladi.
Shunga ko‘ra, quyidagilar tashkil etiladi:
- “Ilm-fan – Yangi O‘zbekiston poydevori” mavzusida xalqaro konferensiya;
- Innovatsion ishlanmalar ko‘rgazmasi;
- Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zoligiga (akademiklikka) tanlov;
- “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining tarixi” ekspozitsiyasi.
Shuningdek, qarorda bir oy ichida Madaniyat vazirligi Fanlar akademiyasining tashkil topishi va rivojlanishi haqidagi hujjatli film yaratishi ham nazarda tutilgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi 1943 yil 4 noyabrda tashkil topgan. 2022 yil holatiga ko‘ra, u 40 dan ortiq ilmiy bo‘limlarni, shu jumladan tashkiliy jihatdan uchta bo‘limga birlashtirilgan 36 ta tadqiqot institutini o‘z ichiga oladi:
- fizika, matematika va texnika fanlari;
- kimyoviy, biologik va geofanlar;
- ijtimoiy va gumanitar fanlar.
Akademiyaning uchta hududiy filiali mavjud bo‘lib, ular Qoraqalpog‘iston va Navoiy filiallari hamda Xorazm Ma’mun akademiyasi hisoblanadi.