O‘zbekiston elchisi YeXHT iqtisodiy-ekologik qo‘mitasi raisi etib tayinlandi

Jamiyat

image

Kecha, 9 yanvar kuni Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YeXHT) amaldagi raisi Albaniya tomonidan O‘zbekistonning YeXHT huzuridagi Doimiy vakili, elchi Sherzod Asadovni YeXHT Doimiy kengashi Iqtisodiy-ekologik qo‘mitasining joriy yildagi raisi etib tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xabar bermoqda. 

Qaror tashkilot Doimiy kengashining maxsus yig‘ilishi doirasida qabul qilinib, tadbir chog‘ida YeXHTning amaldagi raisi, Albaniya Bosh vaziri Edi Rama 2020 yildagi raislikning ustuvor yo‘nalishlarini taqdim qildi. 

Tadbirda Bosh kotib Tomas Greminger, YeXHTning barcha organ va institutlari rahbarlari,  jumladan Parlament assambleyasi, 57 ta ishtirokchi davlatlar, 11 ta muloqot bo‘yicha sheriklarning doimiy vakolatxonalari va tashkilotning 16 ta dala missiyalari boshliqlari qatnashdilar. 

Edi Rama Albaniya raisligi YeXHT oldida turgan muammo va tahdidlarni uning fundamental tamoyillariga asoslangan holda hal etish borasida barcha ishtirokchi davlatlar bilan ochiq va konstruktiv muloqotga intilishini qayd etdi. 

Quyidagi yo‘nalishlar YeXHTning iqtisodiyot va ekologiya sohalarida joriy yildagi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi: korrupsiyaga qarshi kurashish va tegishli boshqarmani rag‘batlantirish, innovatsiya va raqamli iqtisodiyotni ilgari surish, inson kapitalini rivojlantirish, “aqlli shaharlarni” taraqqiy ettirish, atrof muhitni himoya qilish va ekologiyani samarali boshqarish, tang energetik infratuzilmani himoyalash, xavfli chiqindilarni boshqarish, suv resurslarini yaxlit boshqarish hamda iqtisodiyotda ayollar uchun teng imkoniyatlar yaratilishini qo‘llab-quvvatlash. 

Iqtisodiy-ekologik qo‘mita YeXHT hududidagi iqtisodiyot va ekologiya sohalaridagi hamkorlik va xavfsizlik bilan bog‘lik keng ko‘lamli masalalarni, jumladan korrupsiyaga qarshi kurashish problematikasi, energetika va oziq-ovqat xavfsizligi, transport va logistika, migratsiya, axborot-kommunikatsiya va “yashil” texnologilarni rivojlantirishni nazorat qiladi. 

YeXHT Doimiy kengashi qo‘mitalaridagi raislik rotatsion hisoblanmaydi, balki tashkilotga amalda raislik qilayotgan tomonning qator siyosiy faktorlar, jumladan davlatning mazkur xalqaro tuzilma doirasida o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni to‘laqonli bajarishidan kelib chiqqan holda tayinlashi asosida amalga oshiriladi. 

O‘zbekistonning YeXHT Doimiy kengashi Iqtisodiy-yekologik qo‘mitasidagi raisligi Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng miqyosli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik holatni yaxshilash, mintaqadagi savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni mustahkamlash, transport yo‘laklarini rivojlantirish va tranzit salohiyatini kengaytirish borasida ko‘rilayotgan choralarning xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinayotganidan guvohlik berishi ta’kidlandi. 

“2020 yildagi Iqtisodiy-ekologik qo‘mitadagi raislik O‘zbekistonning YXHT maqsad va tamoyillariga hamohang mintaqaviy va xalqaro tashabbuslarini faol ilgari surish imkonini beradi va tashkilot bilan O‘zbekistondagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash nuqtai nazaridan hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qiladi”, deyiladi TIV xabarida. 

Xavfsizlik masalalari bo‘yicha qo‘mita raisi etib Buyuk Britaniyaning YXHT huzuridagi Doimiy vakili,  Elchi Nil Bush,  Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitaning raisi etib esa Chexiyaning tashkilot huzuridagi Doimiy vakili,  Elchi Ivo Chramek tayinlandi.


Maqola muallifi

Teglar

EXHT Sherzod Asadov

Baholaganlar

9

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing